Aprel oyidan boshlab transchegaraviy pul o‘tkazmalarining hajmi sezilarli darajada ko‘payib, o‘tgan yilga nisbatan ikki barobarga o‘sdi. Bu haqda 21-iyul kuni boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov ma’lum qildi.

O‘sishning asosiy qismini Rossiyadan keladigan pul o‘tkazmalari tashkil qiladi.

Transchegaraviy pul o‘tkazmalarining tarkibiga qaralsa, qariyb $199 mln rublda kelib tushgan. Mazkur valyutaning 87%i so‘m tariqasida olingan.

“Yana bir jihatga etibor berish kerak, O‘zbekistonning 5 ta banki Rossiya banklari bilan P2P orqali pul o‘tkazmalarini yo‘lga qo‘ygan, bu o‘sha yo‘nalishlar orqali kelgan pullar bevosita aholiga so‘m tarzida berilmoqda” — deydi Markaziy bank raisi.

Qo‘shni davlatlar fuqorolaridan kelib tushayotgan o‘tkazmalar ham ma’lum bir miqdorda umumiy transchegaraviy pul o‘tkazmalariga ta’sir qiladi.

Shuningdek,1-yarim yillikda banklarning aholidan valyuta xaridi va aholiga valyuta sotuvi o‘rtasidagi ijobiy tafovut $1,9 mlrd.ga teng bo‘ldi. Aholining valyuta sotuvi $5,6 mlrd, xaridi esa $3,7 mlrd.ni tashkil etdi.

Bu omillarning barchasi bir bo‘lib yilning ikkinchi choragida o‘tkazmalarning ikki barobarga o‘sganligini ko‘rsatmoqda.

Ilgari “Spot” O‘zbekistonda norezidentlar hisob-raqamlari 160 mingdan oshganligi haqda xabar bergandi.

Ularning asosiy qismi Ukraina, Rossiya va Belarusdan vaqtinchalik ko‘chib kelgan fuqarolar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Shuningdek, xorij fuqarolariga 97 mingta karta ochilgan bo‘lib, undan 90 mingtasi xorijiy valyuta kartasi (“Visa”, “MasterCard”) ulushiga to‘g‘ri keladi. Bu yo‘nalishdagi o‘sish 15 mingtani tashkil qildi.