Cable.co.uk portali maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistonda mobil internetning oʻrtacha tarifi yil davomida deyarli 40%ga pasaygan.

May oyi holatiga koʻra, 28 ta tarif rejasini taqqoslash asosida 1 GB mobil trafik oʻrtacha $0,3712 ni tashkil etishi ma’lum boʻldi. Bu koʻrsatkich boʻyicha respublika jahonda 15-oʻrinni, MDHda esa 2-oʻrinni (Qirgʻizistondan keyin) egalladi.

2021-yilda Oʻzbekiston bir gigabayt uchun oʻrtacha $0,6 lik trafik narxi bilan 22-oʻrinni egallagandi.

Soʻnggi ikki yilda pozitsiyalarda yanada sezilarli oʻzgarishlar yuz berdi. 2020-yilda Oʻzbekiston 55-oʻrinni ($1,34), 2019-yilda esa 69-oʻrinni ($3,27) egallagan. Boshqacha aytganda, uch yil davomida mobil internet oʻrtacha 8,8 barobar arzonlashgan.

Markaziy Osiyo va MDH mamlakatlaridagi eng arzon trafik endi Qirgʻiziston tomonidan taklif qilinmoqda. Mamlakatda bir gigabayt uchun $0,17 toʻlanadi. Dunyoda u bir yil ichida toʻrt pogʻonaga tushib ketgan holda 6-oʻrinni egallab turibdi.

Qozogʻiston esa kichik farq bilan ($0,3726) Oʻzbekistondan bir qator pastda. Ukraina oʻrtacha $0,43 bilan 24-oʻrinni, Rossiya esa 30-oʻrinni ($0,48) egalladi.

Mintaqada eng qimmat internet Turkmanistonda (1 Gb uchun $14,27 va 227-oʻrin). Tojikiston ham yuqori tariflar bilan ajralib turadi va 131-oʻrinni egalladi ($1,94).

Mutaxassislarning fikricha, mobil internet narxlari rivojlangan infratuzilma va yuqori talab bilan bogʻliq.

Isroil eng hamyonbop mobil internetga ega mamlakat sifatida tan olingan boʻlib, uning oʻrtacha narxi bir gigabayt uchun $0,04 ni tashkil qiladi. Ikkinchi oʻrinda Italiya ($0,12), uchinchi oʻrinda esa San-Marino ($0,12). Shuningdek, kuchli beshlikdan Fiji ($0,15) va Hindiston ($0,17) joy oldi.

Autsayderlar roʻyxatiga asosan orol hududlari kiradi. Xususan, Britaniyaga qarashli Sent-Yelena orollari ($41,06) va Folklend orollari ($38,45), shuningdek, San-Tome va Prinsipi Respublikasi ($29,49).

Avvalroq Spot Samarqandda 5G sinovlari boshlangani haqida xabar bergan edi.