Davlat xizmatlaridan foydalanish uchun shaxsni identifikatsiyalashning mavjud tizim va vositalariga qoʻshimcha ravishda jismoniy shaxsni identifikatsiyalashning Mobil-ID tizimi joriy etiladi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, mobil-ID tizimi “Elektron hukumat” tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiyalash boʻyicha yagona axborot tizimi tarkibiy qismi hisoblanadi va shaxsni uning mobil telefon raqami orqali identifikatsiyalashni nazarda tutadi.

Shaxsni mobil-ID tizimi yordamida identifikatsiyalash fuqaro xohishiga koʻra DXM yoki notarial idora tomonidan yoxud YaIDXP mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi.

Mobil-ID tizimi yordamida identifikatsiyadan oʻtish uchun fuqaro tomonidan bevosita markaz yoki notarial idoraga murojaat qilinganda shaxsni tasdiqlovchi hujjat asli taqdim etiladi hamda markaz yoki notarial idora xodimi tomonidan fuqaro yuzi raqamli formatda rasmga tushiriladi, elektron shaklda qoʻl barmogʻi izi olinadi va mobil telefon raqami YaIDXPdagi shaxsiy kabinetga bogʻlanadi.

Mobil-ID tizimi yordamida identifikatsiyadan oʻtish uchun fuqaro tomonidan YaIDXP mobil ilovasidan foydalanilganda masofadan biometrik identifikatsiyalash (Face-ID) usuli yoki ID-kartadagi elektron raqamli imzo qoʻllaniladi hamda mobil telefon raqami YaIDXPdagi shaxsiy kabinetga bepul bogʻlanadi.

Bevosita markazlar yoki notarial idora orqali fuqarolarni mobil-ID tizimiga identifikatsiya qilish 2022-yil 31-dekabrga qadar toʻlov undirilmasdan, 2023-yil 1-yanvardan boshlab bazaviy hisoblash miqdori 2%i miqdorida bir martalik toʻlov undirilgan holda amalga oshiriladi.

Mobil-ID tizimi foydalanuvchilari elektron raqamli imzoni qoʻllamagan holda barcha davlat xizmatlaridan (bundan moliyaviy xizmatlar mustasno) foydalanishi mumkin.

Fuqaroning YaIDXPdagi shaxsiy kabinetiga yuboriladigan barcha xabarnomalar uning xohishiga koʻra va belgilangan toʻlovlar asosida mobil-ID tizimi orqali identifikatsiyalangan mobil telefon raqamiga SMS-xabar shaklida yuboriladi.

Avvalroq Spot elektron tijorat maʼmurchiligi takomillashtirilishi haqida yozgan edi.