Qozogʻiston hukumati mamlakatdan avtomobil transportida koʻmir olib chiqishni olti oyga taqiqlashi mumkin. “Forbes"ga koʻra, bu Qozogʻiston sanoat va infratuzilmani rivojlantirish vazirligining NPA portalida eʼlon qilingan buyrugʻi loyihasida aytiladi.

“Toshkoʻmirdan olinadigan koʻmir, briketlar, granulalar va shunga oʻxshash turdagi qattiq yoqilgʻilarni Qozogʻiston hududidan olti oy muddatga avtomobil transporti orqali olib chiqishni taqiqlash kiritilsin”, deyiladi jamoatchilik muhokamasi uchun eʼlon qilingan buyruq loyihasida.

Buyruqning tushuntirish xatida qayd etilishicha, vazirlik “aholini koʻmir bilan taʼminlash va energiya xavfsizligini taʼminlash boʻyicha shov-shuvlarga barham berish maqsadida” olti oy muddatga avtomobil transportida koʻmir eksportiga taqiq qoʻyishni maqsadga muvofiq deb hisoblaydi.

Tashkilot maʼlumotlariga koʻra, 2021-yil sentyabr oyidagi keskin sovish munosabati bilan respublikaning markaziy va shimoliy hududlarida koʻmirga talab keskin oshgan. Bundan “koʻmirni xarid qilishning eng qizgʻin davrida uni ikki baravar qimmatga sotgan vijdonsiz olib-sotarlar” foydalangan.

Shu bilan birga, mazkur davrda avtomobil transporti orqali ichki bozor uchun moʻljallangan koʻmirning qoʻshni davlatlar — Qirgʻiziston va Oʻzbekistonga eksporti ham oshdi, deyiladi xabarda.

Avvalroq Oʻzbekistonga Qozogʻistondan olib kirilgan oziq-ovqat mahsulotlari hajmi maʼlum qilingandi.