Mart oyida “Visa” va “Mastercard” Rossiyadagi faoliyatini to‘xtatdi. Natijada mamlakatda chiqarilgan kartalar xorijda ishlamay qoldi.

Shu sababli rossiyaliklarning xorijda hisob raqam ochish ko‘rsatkichlari o‘sib bormoqda, yozadi “RBC”.

Unga ko‘ra, aholining Qozog‘iston, Gruziya va Ozarbayjon qatori O‘zbekistonda ham hisob raqamlari ko‘paydi.

O‘zbekiston Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning ikkinchi choragida mamlakat banklarida norezidentlar hisob raqamlari 47 mingga o‘sib, 169 mingtaga yetdi.

Ularning asosiy qismi Ukraina, Rossiya va Belarusdan vaqtinchalik ko‘chib kelgan fuqarolar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Rossiyaliklar hisob raqamida $115 mln miqdorida mablag‘ mavjud.

Moliya konsultanti Nataliya Smirnova so‘zlariga ko‘ra, Rossiya fuqarolari O‘zbekiston, Qozog‘iston va Gruziyada qattiq tekshiriladi.

Ushbu mamlakatlardagi kredit tashkilotlari “mijozingni bil” (KYC) protsedurasini juda ehtiyotkorlik bilan amalga oshiradilar, shu sabab hisob ochish uchun arizalarni tasdiqlash shartlari kechiktirilishi mumkin.

“Ba'zida shunday bo‘ladiki, norezidentlarga hech qanday tushuntirishsiz hisob ochish rad etiladi. Ammo bunday holat kamdan kam uchraydi “, — dedi u.

Smirnovaning ta’kidlashicha, MDHning aksariyat mamlakatlarida hisob raqamini ochish uchun xorijga chiqish pasporti, “INN” va ijara shartnomasi kerak bo‘ladi.


Iyul oyida O‘zbekiston rossiyaliklarning xizmat safari bilan eng koʻp boradigan hududga aylandi.

Shundan biroz oʻtgach, oyning oxirida mamlakat rossiyaliklar ta’tilni oʻtkazadigan eng mashhur yo‘nalishlardan biriga ham aylangani ma’lum boʻldi.