O‘zbekistonda DSP mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya loyihalari amalga oshirildi.

Ammo bunga qaramasdan mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar hali ham xorijiy analoglar bilan raqobatlasha olmaydi. Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining matbuot xizmati ma’lum qildi.

Buning sababi sifatida DSP ishlab chiqarish uchun asosiy xom ashyo bo‘lgan “Formalin 37%” va “Karbamid-A"ning narxi yuqori ekanligi keltirilmoqda.

Tegishli idoralar va tarmoq birlashmalariga vaziyatni o‘rganish, xom ashyo tannarxini pasaytirish va jahon bozoridagi o‘rtacha narxlar bilan uyg‘unlashtirish bo‘yicha vazifalar berildi.

Mamlakatning turli hududlarida DSP va MDF mahsulotlarini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan 13 ta korxona faoliyati tahlil qilinganda, ulardan 6 tasi muammolarga duch kelayotgani aniqlandi. Qolgan 7 tasi to‘liq quvvat bilan ishlaydi.

Shuningdek, mamlakatda DSP mahsulotlariga o‘rtacha yillik ehtiyoj 600 000 kubometrni tashkil etadi.

Mahalliy ishlab chiqaruvchilardan tashqari, Eron, Turkmaniston va Rossiyadan import qilinadi.

2020-yilda $81 mln.ga 360 ming kubometr, 2021-yilda esa $136,5 mln.ga 607 ming kubometr mahsulot import qilindi.


Avvalroq “Spot” tadbirkorlar faoliyatida uchrayotgan muammolar va ularni yechish bo‘yicha bildirilgan takliflar haqida yozgandi.