8−14 avgust kunlari O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi tomonidan ochiq birja savdolari orqali jami 1,9 trln so‘mlik tovar resurslari sotildi. Bu haqda kompaniyaning matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, mahsulotlar sotuvchi korxonalar tomonidan tasdiqlangan jadvallarga rioya qilingan holda birja savdolariga qo‘yildi.

Xususan, o‘tgan haftada birja savdolariga 3 301 tonna paxta yog‘i qo‘yilib, shundan 1 560 tonnasi sotildi.

O‘tkazilgan har kunlik savdolarning o‘rtacha xaridorlar soni 51 tani tashkil etdi. O‘rtacha kunlik sotuv hajmlari — 660 tonna.

Barcha navli paxta yog‘ining kunlik o‘rtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 18 mln 347 ming so‘mdan 16 mln 245 ming so‘mgacha, ya’ni 11,4% ga pasaydi.

Shuningdek, birjaning un bozori narxi ham pasayganini ko‘rish mumkin.

Hafta davomida birja savdolariga 55 370 tonna un qo‘yilib, uning 26 623 tonnasi, ya’ni 48%i sotildi.

O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 1 836 xaridor ishtirok etdi.

Birinchi navli un bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 4 mln 888 ming so‘mdan 4 mln 819 ming so‘mga pasaydi.

Unning o‘rtacha kunlik sotuv hajmi 5 325 tonnani tashkil qildi.

O‘tkazilgan birja savdolari natijasida birinchi navli un bo‘yicha shakllangan o‘rtacha haftalik narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 4 mln 790 ming so‘mni tashkil etdi.


“Spot” avvalroq Italiyada O‘zbekiston tovar-xomashyo birjasining vakolatxonasi ochilishi haqida yozgandi.

Bu orqali Yevropaning boshqa mamlakatlari bilan ham munosabatlar kengaytirilishi mumkin.