18-avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoniga tashrifi doirasida Islom taraqqiyot banki (ITB) prezidenti Muhammad Al-Jassirni qabul qildi.

Muzokaralar chog‘ida joriy yil yakunigacha ITB tomonidan $1,6 mlrd.lik loyiha va dasturlarni moliyalashtirishni nazarda tutuvchi dastur qabul qilindi.

Shuningdek, bankning Toshkentdagi to‘laqonli vakolatxonasini tez fursatda tashkil etish, yangi moliyalashtirish vositalarini joriy qilish muhim ekani ta’kidlandi.

Bugungi kunda ITB bilan birgalikda uy-joy kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilish, qishloqlarni, sog‘liqni saqlash, ta’lim, suv xo‘jaligi, tadbirkorlik va boshqa sohalarni rivojlantirish bo‘yicha umumiy qiymati $1,2 mlrd.lik loyihalar amalga oshirilmoqda.


Avvalroq “Spot” O‘zbekiston Saudiya Arabistoni bilan energetika, neft va kimyo sohalarini rivojlantirishi haqida xabar bergandi.

Prezidentning mamlakatga tashrifi chog‘ida energetika, kimyo, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, axborot texnologiyalari va transport kabi sohalarda umumiy qiymati $14 mlrd.dan ortiq bo‘lgan kelishuvlarga erishildi.