Prezident qarori bilan 10 ta faoliyat turi o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari ro‘yxatiga kiritiladi.

Mazkur tartib joriy yilning 1-noyabridan amal qiladi hamda unga quyidagilar kiritilgan:

  • uy hayvonlari (qoramol, qo‘y, echki, ot va boshqalar) bozorlarida vositachilik xizmati;
  • avtomobil bozorlarida vositachilik xizmati;
  • rieltorlik xizmatini ko‘rsatish (ijaraga uy topib berish, uy sotib olish va sotishga ko‘maklashish);
  • uyda sut va sut mahsulotlarini qayta ishlash va sotish xizmati;
  • maishiy buyumlarni ijaraga berish xizmati (stol-stul, idish-tovoq, asbob-uskuna va boshqalar);
  • gips va ganchdan buyumlar yasash (uy jihozlari, ertak qahramonlari haykallarini yasash);
  • tosh va tosh mahsulotlaridan yodgorlik, suvenir va dekorativ buyumlar tayyorlash;
  • yog‘och mahsulotlaridan savat, non mahsulotlari uchun maxsus idish va boshqa buyumlarni to‘qish;
  • uy sharoitida pilla yetishtirish, shaxsiy tomorqa yer uchastkasida tut mevasi, niholi va ko‘chatini yetishtirish, uyda ipak mato, ipak gilam to‘qish va sotish;
  • kulolchilik.

Joriy yilning 1-noyabridan boshlab tomorqa yer uchastkalari egalarini kooperatsiya va kasanachilik asosida ish bilan band qilgan tadbirkorlarga quyidagilarni xarid qilish hamda keyinchalik tomorqa yer egalariga taqdim etish uchun subsidiya ajratiladi:

  • parranda (tovuq, bedana, o‘rdak, g‘oz, kurka), parrandani saqlash uchun katak, ozuqa yemi hamda dori vositalari;
  • uzum ko‘chati va tok so‘risi;
  • asalari oilasi, asalari uyasi uchun quti hamda ozuqa yemi;
  • quyon, quyon katagi va ozuqa yemi;
  • baliq chavoqlari, sun’iy hovuz va ozuqa yemi.

Mablag‘lar Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan moliyalashtirilishi belgilangan.

Shuningdek, 2023-yildan yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun ijtimoiy soliq summasining eng kam miqdori oyiga BHMning 50%idan yiliga BHMning bir baravarigacha kamaytiriladi.

Bunda savdo majmualari va bozorlarda faoliyat yuritayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan jismoniy shaxslar nazarda tutilmagan.

2023-yildan o‘zining shaxsiy tomorqa yer uchastkasida quyidagi faoliyat turlari bilan shug‘ullanayotgan fuqarolar tomonidan yiliga BHMning kamida 1 baravari miqdorida ijtimoiy soliq to‘langan taqdirda, ular rasmiy band bo‘lgan aholi toifasiga kiritiladi va ushbu davr ularning mehnat stajiga qo‘shiladi:

  • chorvachilik (qoramol, qo‘y, echki, ot va boshqalar);
  • issiqxona;
  • parrandachilik (bedana, kurka, g‘oz, o‘rdak);
  • quyonchilik;
  • asalarichilik;
  • baliqchilik;
  • bog‘dorchilik;
  • limonchilik;
  • gulchilik.