Joriy yilning 28−29 sentabr kunlari Qozog‘istonning Nur-Sulton shahrida “Digital Bridge” xalqaro texnologiya forumi o‘tkaziladi.

Forumning bu yilgi mavzusi “Markaziy Yevroosiyo yangi texnologik platforma sifatida” deb nomlangan.

Unda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar va Markaziy Osiyo mamlakatlari texnoparklari ko‘rgazmasi kabi tadbirlar o‘rin olgan.

Bundan tashqari, IT-maktablar ko‘rgazmasi, IT sohasiga doir bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi, “Astana Hub Battle” tanlovi, “VR”, “GameDev” platformalari tashkil etiladi.

Forum doirasida startaplar uchun mamlakatdagi birinchi rasmiy oflayn “TikTok” platformasi yaratilishi belgilangan.

Spikerlardan “Samsung Electronics” korporativ prezidenti In Yong Ri, “TikTok” vitse-prezidenti Teo Bertram, “Huawei Eurasia” prezidenti Daniyel Chjou kabilar ishtirok etadi.

Shuningdek, mintaqaning barcha hududlaridan venchur sarmoyadorlar qatnashishi kutilmoqda.

Panel sessiyalarida xalqaro ekspertlar IT-sohasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilishadi.

“Ishonchim komilki, forum mintaqada IT-texnologiyalar rivojiga yangi qiyofa bag‘ishlaydi, startaplar uchun yangi imkoniyatlar ochiladi. IT-mutaxassislar bilan dolzarb muammolarga innovatsion yechimlarni birgalikda muhokama qilamiz”, — dedi Qozog‘iston raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vaziri Bagdat Musin.

“Digital Bridge” xalqaro forumi Qozog‘istonda har yili davlat rahbari ishtirokida o‘tkaziladigan eng yirik IT-tadbirlardan biri hisoblanadi.

Ishtirok etish uchun arizalarni havola orqali jo‘natish kerak. Batafsil ma’lumot bu yerda.

“Astana Hub Battle”

Forum doirasida “Astana Hub Battle” texnologik startap loyihalar tanlovi o‘tkaziladi.

Eng yaxshi startap loyihalari aniqlanib, ularni ishlab chiqish uchun birinchi o‘rinni egallagan startap loyiha $10 ming bilan, ikkinchi o‘rin $5 ming hamda uchinchi o‘rin $3 ming bilan taqdirlanadi.

Tanlov shartlari va batafsil ma’lumotlarni bu yerdan olish mumkin.

Umuman olganda, “Digital Bridge” forumi — IT-sohasida yangi bilimlar, o‘zini namoyon qilish, tajriba almashish hamda ish topish imkonini beradi.