Aloqa va axborotlashtirish hajmining eng katta ulushi telekommunikatsiya xizmatlariga to‘g‘ri keladi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.

Xususan, simli va mobil aloqa xizmatlari, Internet, sun’iy yo‘ldosh aloqasi va boshqalar xizmatlarning ulushi 65,8% ni tashkil etgan.

Shuningdek, kompyuterda dasturlash, konsalting va boshqa tegishli xizmatlar ulushi 17,2%ga, axborot xizmatlari 8,0%ga va boshqa aloqa xizmatlari 4,5%ga yetgan.

Nashriyot xizmatlarining ulushi esa 4,5%ni tashkil etdi.

O‘tgan oyda prezident AKT sohasini rivojlantirishga qaratilgan qarorni imzolagandi.

U bilan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini rivojlantirishning asosiy vazifalari belgilab berildi.

Xususan, 2023-yildan boshlab har yili mukofot jamg‘armasi $1 mln bo‘lgan prezident sovrini uchun tanlov o‘tkaziladi.

Avvalroq ekspert yuqori tezlikdagi internet va mobil aloqaning rivojlanishi ish o‘rinlarini yaratish uchun qulay ekanligini ta’kidlagandi.

2015-yil O‘zbekistonda AKT sohasida 33,4 ming kishi ishlagan bo‘lsa, 2021-yilda bu ko‘rsatkich 53,8 mingga yetdi. O‘sish sur’ati 161% ni ko‘rsatgan.

Bugungi kunda axborot va aloqa sohasida o‘rtacha oylik ish haqi esa 11,2 mln so‘mni tashkil etadi.