PMTI” ekspertlari Internet va mobil aloqaning rivojlanishi ishsizlik darajasiga qanday ta’sir etayotgani bo‘yicha tadqiqot natijalarini e’lon qildi.

Unga ko‘ra, optik tolali internet uzunligining 100 km ga oshishi ishsizlikning 0,04 f.p. ga qisqarishiga yordam beradi.

Yuqori tezlikdagi internet va mobil aloqaning rivojlanishi qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish uchun yangi imkoniyatlarni ochmoqda.

Masalan, AQShda 17 milliondan ortiq ish o‘rinlari tijorat Internet korxonalari tomonidan yaratilgan. Bu esa to‘rt yil avvalgi natijaga qaraganda 7 millionga ko‘p.

Axborot texnologiyalari bo‘yicha katta bilim va tajribasi bor odamlar ko‘proq imkoniyatga ega va shu sababli ishsiz qolish ehtimoli kamroq. Bundan tashqari, AKT ko‘nikmalari ishsizlarning maosh miqdori o‘rtacha va yuqori bo‘lgan raqamli kasblarga o‘tishida yordam beradi.

2015-yil O‘zbekistonda AKT sohasida 33,4 ming kishi ishlagan bo‘lsa, 2021-yilda bu ko‘rsatkich 53,8 mingga yetdi. O‘sish sur’ati 161% ni ko‘rsatmoqda.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda axborot va aloqa sohasida o‘rtacha oylik ish haqi 11,2 mln so‘mni tashkil etdi.

Biroq, sohaning rivojlanishi ishsizlikning qisqarishiga kuchli ta’sir ko‘rsatmayapti. Negaki yuqori tezlikdagi internet olis aholi punktlarini butunlay qamrab olmagan hamda kompyuter texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha ko‘nikmalar yetarli darajada emas.

AKT vaziri Sherzod Shermatov “Forbes” nashri bilan suhbatda Oʻzbekiston yetarlicha inson kapitaliga ega ekanligini qayd etdi.

Shermatovning aytishicha joriy yilning o‘tgan davrida O‘zbekistonda 134 ta yangi IT-kompaniyalari tashkil etilib, shundan 50 tasi xorijiy kompaniyalardir. Eksportyor korxonalar soni esa, 2 baravarga oshdi.


Avvalroq “Spot” Yevropaning yirik IT-kompaniyalari Oʻzbekistonga jalb qilinishi haqida xabar bergandi. Bundan maqsad xorijiy kompaniyalar ishtirokida BPO xizmatlarini rivojlantirish va shu tariqa IT mahsulot va xizmatlar eksportini oshirish, yoshlarni AKT sohasiga keng jalb qilish hamda yuqori maoshli ish bilan taʼminlashdir.