2022-yil yanvar-iyun oylarida O‘zbekistondagi o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 3,5 mln so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlarida keltirilgan.

O‘tgan yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 2,9 mln so‘mga teng bo‘lgan, o‘sish sur’ati — 19,3%.

O‘rtacha oylik ish haqining eng baland ko‘rsatkichi — bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik faoliyati sohasiga to‘g‘ri kelib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish darajasi 24,8% ni tashkil etdi.

Ushbu yo‘nalishda eng yuqori ko‘rsatkich moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish va sug‘urtalash bo‘yicha yordamchi faoliyat (10 mln so‘m)da, eng pasti esa majburiy ijtimoiy sug‘urtalashdan tashqari, qayta sug‘urtalash va nafaqa jamg‘armalari faoliyatida kuzatildi — 9 mln so‘m.

Mazkur sohada eng yuqori oylik ish haqi Toshkent, Andijon va Buxoroda taklif qilingan.

Axborot va aloqa sohasida o‘rtacha oylik ish haqi 11,2 mln so‘mni tashkil etdi.

Sanoatning asosiy tarmoqlari bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori ko‘rsatkichi:

  • tog‘-kon sanoati va ochiq konlarni ishlash tarmog‘i (6,7 mln so‘m);
  • elektr, gaz, bug‘ bilan ta’minlash va havoni konditsiyalash (5 mln so‘m);
  • ishlab chiqarish sanoati (4,4 mln so‘m)da kuzatildi.

Qurilishda eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent (5,7 mln so‘m) va Navoiy (5,1 mln so‘m) viloyatlarida, Toshkent shahri (4,8 mln so‘m)da qayd etildi.

Ta’lim sohasining asosiy tarmoqlari bo‘yicha esa eng yuqori ko‘rsatkich oliy ta’lim (5,6 mln so‘m)da, eng past ko‘rsatkich maktabgacha ta’lim (1,4 mln so‘m)da kuzatildi.

Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishda o‘rtacha oylik ish haqi Toshkent shahrida 2,7 mln, Qoraqalpog‘istonda 2,5 mln, Andijonda 2,5 mln hamda Sirdaryoda 2,4 mln so‘mni tashkil etdi.


HeadHunter” kompaniyasiga ko‘ra, iyun oyida eng yuqori ish haqi avtomobil biznesi vakillariga taklif etilgan — o‘rtacha 11,7 mln so‘m.

Keyingi o‘rinda 11,6 mln so‘m ish haqi bilan top-menejerlar, so‘ngra konsultantlar (10,4 mln so‘m) joylashdilar.

IT-mutaxassislariga esa o‘rtacha 9,5 mln so‘m taklif etilmoqda.