Beshta yo‘nalishga ham o‘qishga kira olmagan abituriyentlarga super-kontraktda o‘qish imkoni berildi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, abituriyentlar istalgan beshta yo‘nalishdan birini tanlab, super-kontraktda o‘qishi mumkin.

Shuningdek, o‘zi tanlagan birinchi yo‘nalishga kira olmagan abituriyent 2-, 3-, 4- yoki 5-yo‘nalishlardan biriga o‘qishga kirgan bo‘lsa, o‘z xohishi bilan birinchi tanlagan yo‘nalishida super-kontraktda o‘qishiga ruxsat beriladi.

Bu istisno tariqasida 2-, 3- va 4-yo‘nalishga amal qilmaydi.

Ya’ni beshinchi yo‘nalishga o‘qishga kirgan abituriyent ikkinchi yoki to‘rtinchi yo‘nalishni tanlab super-kontrakt qila olmaydi, faqat birinchi yo‘nalishga qilishi mumkin.

Avvalroq OTMlarda super-kontrakt miqdori 10%ga kamaytirilgandi.

Mazkur chegirma 2022−2023 o‘quv yili uchun OTMning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha bazaviy to‘lov-kontrakt qiymatidan kelib chiqib belgilangan.

Shuningdek, joriy o‘quv yilidan boshlab to‘lov-shartnomalarini olish jarayoni raqamlashtirildi.

Unga ko‘ra, birinchi bosqichga tavsiya etilgan va bakalavr, magistr hamda superkontraktda o‘qiyotgan barcha bosqich talabalari to‘lov-shartnomalarni platforma orqali elektron shaklda olishlari mumkin.