Avvalroq Amerikaning “Starbucks” qahvaxonalar tarmog‘i aktivlarini reper Timur Yunusov (Timati), biznesmen Anton Pinskiy va “Sindika” kompaniyasi hamkorlikda sotib olgan edi.

Shundan so‘ng, avgust oyida Rossiyadagi sobiq “Starbucks” qahvaxonalari yangi “Stars Coffeye” brendi ostida qayta ochildi.

Endi esa brend xorij bozoriga chiqishni rejalashtirmoqda, deb yozadi “ТАСС”.

Kompaniya rejasidan Qirg‘iziston, Tojikiston, Eron, Iroq, Quvayt, Ummon va boshqa mamlakatlar qatorida O‘zbekiston ham joy olgan.

Xabarga ko‘ra, “Stars Coffee” egalaridan biri — reper Timati Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropaning turli mamlakatlarida franshizaga talab yuqoriligini ta’kidlagan.

Umumiy hisobda hozirda qahvaxonani 20−25 ta joyda ochish maqsad qilingan bo‘lib, ulardan birinchisi Armanistonda ish boshlaydi.

“Kompaniya asosan “Starbucks” ma’lum bir sabablarga ko‘ra kirmagan mamlakatlarga qiziqish bildirmoqda. Ular yangi xalqaro brendni jalb qilish uchun “imkoniyatlar oynasi"ni payqashdi”, — dedi Timatining sherigi Anton Pinskiy.