Gulnora Karimovaning $131 mln.lik aktivlarini Shveysariyadan qaytarish bo‘yicha yakuniy bitim imzolangach, bu masala hal bo’lgandi.

Hozirda qo‘shimcha $350 mln miqdoridagi mablag‘larni musodara qilish masalasi Shveysariya sudlarida ko‘rib chiqilmoqda.

Shuningdek, $205 mln.ning O‘zbekistonga qaytarilishi yakuniga yetgan.

Gulnora Karimovaning boshqa xorijiy davlatlardagi aktivlarini qaytarish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda, deya xabar berdi Adliya vazirligining matbuot xizmati.

Qaysi davlatlarda aktivlar mavjud

Fransiyadan 2020 va 2021-yillarda ko‘chmas mulklarning (Parij shahri yaqinidagi 2 ta qasrlar) sotilishi natijasida qariyb $20 mln pul mablag‘lari O‘zbekistonga qaytarildi.

Belgiya Qirolligidagi aktivlarni qaytarish maqsadida O‘zbekiston mutasaddi tashkilotlari hamda Belgiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Bu davlatda tergov jarayoni tugamaganligi sababli (tergov siri), ushbu aktivlar haqida ko‘p ma’lumot oshkor qilish imkoniyati mavjud emas.

Buyuk Britaniyada Gulnora Karimova va uning sheriklariga tegishli bo‘lgan 10 mln funt sterling miqdoridagi mablag‘lar va 3 ta ko‘chmas mulkning taqdiri London Oliy sudida ko‘rib chiqilmoqda.

Latviyada ham aktivlar mavjud bo‘lib, sud organlari tomonidan 2018-yili O‘zbekistonda chiqarilgan Latviyada joylashgan aktivlarni O‘zbekiston daromadiga musodara qilish haqidagi hukmlar tan olingan.

Aktivlar $15 mln.ga teng mablag‘lar, 850 unsiyaga (26 kg) teng oltin sertifikatlari hamda Riga shahrida joylashgan madaniy-ko‘ngilochar majmuadan tashkil topgan.

Bu boradagi ishlar osonlikcha amalga oshayotganligi yo‘qligini ta’kidladi vazirlik matbuot xizmati.

Xususan, Latviyadagi aktivlarni qaytarishda murakkabliklar yuzaga kelgan.

Shunga qaramay, bu davlatdagi aktivlarni qaytarish bo‘yicha ishlar qat’iy izchillik bilan davom ettirilmoqda.

2021-yilning noyabr oyida Moskvada joylashgan aktivlarni (6 ta xonadon) O‘zbekiston daromadiga o‘tkazish haqida Moskva shahar sudining qarori chiqarilgan.

Hozirgi paytda, ko‘chmas mulk obyektlarini Rossiya sud ijrochilari tomonidan sotish jarayoni davom etmoqda.

Sotish natijasida kelib tushgan pul mablag‘lari O‘zbekiston va Rossiya foydasiga teng ulushlarda bo‘linishi belgilangan.

Karimovaga tegishli aktivlarning umumiy qiymati qariyb $1,3 mlrd.ni tashkil etadi.