Prezidentning tegishli farmoni bilan yoshlarning turizm sohasidagi tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida grant ajratish tartibi belgilandi, xabar berdi Turizm va madaniy meros vazirligi.

Unga ko‘ra, talabgorga grant mablag‘lari quyidagi shartlarda ajratiladi:

  • grant olish uchun ariza topshirgan vaqtda turistik (turoperatorlik) faoliyat bilan shug‘ullanayotgan tashkilotda ta’sischi yoki direktor bo‘lmasligi kerak;
  • talabgor ko‘pi bilan 10 ish kunida turoperatorlik faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya olishi;
  • uch yil davomida kamida 200 nafar xorijiy sayyohlar uchun tur tashkil qilishi;
  • 15 ish kunida turoperator hamda Vazirlik o‘rtasida sayyohlarni jalb qilish yuzasidan shartnoma imzolashi;
  • turistlar soni va ularning ma’lumotlari, yashagan kunlari ko‘rsatilgan ro‘yxatini taqdim etib borishi.

Shuningdek, tegishli turizm yo‘nalishi bo‘yicha oliy yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotiga yoki malaka sertifikatiga ega bo‘lganda, IELTS bo‘yicha kamida 5,5 ball va undan yuqori yoki CEFR sertifikatlarga ega bo‘lgan talabgorlarga ustunlik beriladi.

Talabgor ariza topshirish uchun quyidagi hujjatlarni ilova qilishi shart:

  • veb-saytni yaratish bo‘yicha taqdimot;
  • turoperatorlik faoliyatini amalga oshirishni nazarda tutuvchi biznes reja;
  • xorijiy mamlakatlardagi turizm ko‘rgazma va yarmarkalarida ishtirok etishning rejasi va turistik stend taqdimoti;
  • respublikaga xorijiy mamlakatlardan turistlarni jalb qilish bo‘yicha taqdimot.

Turoperator grant ajratilgandan keyin uch yil mobaynida kamida 200 nafar xorijiy turistlar uchun tur tashkil qila olmagan taqdirda ajratilgan mablag‘larni belgilangan tartibda qaytaradi.

Bunda grantning umumiy summasidan jalb qilingan turistlarning soniga mutanosib summani chegirgan holda, qolgan mablag‘lar qaytariladi.


Avvalroq “Spot” mehmon uylarini ochmoqchi bo‘layotgan tadbirkorlar kreditlari qisman qoplab berilishi haqida yozgandi.