O‘zbekiston prezidenti SHHT davlat rahbarlari kengashining majlisida 2023-yilni SHHTda turizmni rivojlantirish yili, deb e’lon qilish taklifini berdi.

“Samarqand — SHHTni tuzishda asos qilib olingan bag‘rikenglik, turli xalqlarning an’ana va qadriyatlariga hurmat tamoyillari asrlar davomida amalda bo‘lgan hayotiy namunadir”, dedi davlat rahbari.

Mazkur tashabbusni amalga oshirish masalalarini muhokama qilish uchun keyingi yilda siyosiy yetakchilar, jamoatchilik, ishbilarmonlar, akademik va ekspert doiralari ishtirokida Samarqand xalqaro forumi o‘tkaziladi.

Shuningdek prezident SHHT doirasida universitet rektorlari forumi, madaniyat va turizm kunlari, qo‘shma sport tadbirlari va universiadalar kabi hamkorlikning qo‘shimcha formatlarini yaratishga chaqirdi.

Samarqandda o‘tkazilayotgan SHHT doirasida davlat rahbarlari turli sohalar bo‘yicha kelishuvlar amalga oshirdi.

Jumladan, Eron rahbari Ibrohim Raisiy bilan tadbirkorlar va sayyohlar uchun Eronga viza olish tartibini soddalashtirish hamda diplomatik pasportlar egalarini viza talablaridan ikki tomonlama ozod etishga kelishildi.

Ikki davlat rahbarlari turli sohalarni qamrab olgan jami 18 ta hujjat imzoladi.

Bundan tashqari, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida Xitoy bilan hamkorlik o‘rnatiladi.

Bu bo‘yicha prezident Shavkat Mirziyoyev hamda Xitoy raisi Si Szinpin o‘rtasida memorandum imzolandi.

Xitoy biilan har tomonlama strategik sheriklikning bugungi holati va uni mustahkamlash istiqbollari qayd etilgan 15 ta hujjat imzolandi.


Avvalroq O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy temir yo‘li qurilishi bo‘yicha Qirg‘iziston hududidagi qismining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishni yakunlash belgilangandi.