Prezident Shavkat Mirziyoyev Budapesht shahrida yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi, xabar beradi davlat rahbari matbuot xizmati.

Tadbirda Vengriya iqtisodiy rivojlanish vaziri Marton Nad, Savdo-sanoat palatasi raisi Laslo Parrag, “OTP Bank” raisi Shandor Chani, shuningdek, “Gedeon Richter”, “Bonafarm”, “Wizz Air”, “Raba Holding”, “Meditop”, “Master Good”, “Kite” kabi yigirmaga yaqin eng yirik kompaniya va korporatsiyalar rahbarlari ishtirok etdi.

“Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida tadbirkorlar uchun maksimal darajada qulay sharoitlar yaratish, yurtimizda xorijiy biznes faoliyatini kengaytirish borasidagi ishlarni davom ettirish maqsad qilingan. Eng muhimi, xorijiy biznes yangilanishlarimizga ishondi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Uchrashuvda ustuvor loyihalarni moliyalashtirish uchun qo‘shma fond tashkil etilishi va u tez fursatda ish boshlashi aytildi.

Faqat Vengriya kompaniyalari uchun mo‘ljallangan alohida sanoat zonasini yaratish va uni barcha zarur ishlab chiqarish infratuzilmasi bilan ta’minlash taklif etildi.

3-oktabrda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Vengriya biznes forumida umumiy qiymati $1 mlrd.dan ziyod investitsiya, savdo va moliyaviy kelishuvlar imzolandi.

Masalan, O‘zbekiston “Procab” kompaniyasi Vengriyaning “Admetos Trading” kompaniyasi bilan kabel mahsulotlari yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzdi.

Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov va Oʻzbekiston-Vengriya iqtisodiy sheriklik kompaniyasi taʼsischisi Peter Neumann logistika xabini tashkil etish boʻyicha memorandum imzoladi.

U orqali Oʻzbekiston tovarlari Vengriya va qoʻshni davlatlarga yetkaziladi.

Memorandumni Innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov va “Marton Genetics” kompaniyasi ijrochi direktori Andras Shandorfi ham imzoladi.

Bu orqali O‘zbekistonda urug‘chilik bo‘yicha qo‘shma korxona ochish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Yashnobod innovatsion texnoparki rezidenti “Zarbuloq Injiniring” hamda AQShning “Xylem Inc.” kompaniyalari o‘rtasida memorandum imzolandi.

Uchrashuv yakunida ilgari surilgan barcha loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq muddatlar va mas’ul ijrochilar ko‘rsatilgan kompleks “yo‘l xaritasi"ni qabul qilishga kelishib olindi.