Yangilandi: qonun loyihasi to‘ldirilish uchun lex.uz portalidan olindi.

Joriy yilning may oyida fuqarolarning raqamli pasportini joriy qilish bo‘yicha qaror loyihasi muhokamaga qo‘yilgan edi.

6-oktabrdan “Fuqarolarning raqamli pasporti” loyihasini joriy qilish bo‘yicha hukumat qarori kuchga kirdi.

Unga ko‘ra, 2023-yilning 1-yanvaridan 31-dekabriga qadar mazkur loyiha sinov tariqasida Toshkent shahrida amalga oshiriladi.

Natijalar asosida esa respublikaning barcha hududlarida tatbiq etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilishi belgilangan.

Hujjatga ko‘ra, “OneID mobile” ilovasi orqali taqdim etiladigan ma’lumot va hujjatlar tekshirish imkonini beruvchi identifikator (QR-kod, shtrixli kod) bilan himoyalanadi.

Quyida “Fuqarolarning raqamli pasporti” sinov loyihasida amalga oshiriladigan sohalar keltirilgan:

  • DXMda davlat xizmatlarini ko‘rsatish;
  • Turizm va madaniy meros vazirligi tizimidagi mehmonxonalar, sanatoriylar, pansionatlar, dam olish uylari va boshqa muassasalarda mehmonlarni ro‘yxatga olish;
  • mahalliy yo‘nalishlar uchun temir yo‘l va avia chiptalarni xarid qilish, mahalliy qatnovlar uchun ro‘yxatdan o‘tishni rasmiylashtirish;
  • mobil aloqa operatorlari va internet provayderlar xizmatlaridan foydalanish;
  • IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan transport vositalaridan foydalanish va ularni boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarni tekshirish;
  • davlat ta’lim muassasalari hududi va binolariga talabalarning kirishiga ruxsat berish.

Shuningdek, bu ro‘yxatga texnik imkoniyatlardan kelib chiqib o‘zgartirish kiritilishi mumkinligi ta’kidlangan.

Bundan tashqari “OneID” mobil ilovasida shakllantiriladigan elektron hujjatlar va ma’lumotlar ro‘yxati keltirilib, undan fuqarolik pasporti yoki ID-karta, haydovchilik guvohnomasi, nikoh qayd etilganligi haqidagi guvohnoma, maktab shahodatnomasi, bakalavr va magistr diplomi, talabalik guvohnomasi va boshqalar joy oladi.

Mazkur ro‘yxat bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin.

Avvalroq “Spot” “Mobile-ID” nimaligi va undan qanday foydalanish hamda ro‘yxatdan o‘tish jarayoni haqida qo‘llanma taqdim etgandi.

my.gov.uz saytida elektron xizmatlardan foydalanish uchun ONE-ID (yagona identifikatsiya tizimi) tizimiga kirish kerak. Avvallari unga quyidagilar orqali kirish mumkin edi:

  • login va parol;
  • elektron raqamli imzo;
  • ID-karta.

Endi qulayroq usul ishlab chiqildi — bu Mobile-ID.

“Mobil-ID” “OneID” tizimida ro‘yxatdan o‘tish uchun ishlatiladi, bu esa o‘z navbatida davlat tashkilotlari veb-saytlariga kirish imkonini beradi. Bundan tashqari, u elektron davlat xizmatlarini olish uchun arizani tasdiqlash uchun zarur: buning uchun telefonga SMS orqali kelgan kodni kiritish kerak. Ya’ni, bu raqamli imzo o‘rnini bosadi.

“Mobile-ID"ning afzalligi shundaki, endi ERIsiz ishlash mumkin — flesh-xotirani olib yurishning hojati yo‘q, kompyuterga maxsus modul o‘rnatish talab qilinmaydi. Bunda faqat kerak bo‘lganda SMS-dan kodni kiritish kifoya.