Senatning o‘ttiz uchinchi yalpi majlisida “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida"gi qonun senatorlar tomonidan muhokama qilindi.

Ta’kidlanishicha, bugungi kunga qadar ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan bog‘liq munosabatlar har xil kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solingan.

Ularning tarqoq holda ekanligi, shu bilan birga normalarning o‘zaro bir-biriga nomuvofiqligi sohani tartibga solishda o‘zining salbiy taʼsirini ko‘rsatgan.

Mazkur masalalarning yechimi sifatida ishlab chiqilgan qonun loyihasida ko‘chmas mulkning turlari, ularga bo‘lgan huquqlar hamda cheklovlar, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ketma-ketligi, yer uchastkalariga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va rad etish kabilar keltirilgan.

Qonun qabul qilinishi natijasida jismoniy va yuridik shaxslarning ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlani davlat tomonidan kafolatlanadi.

Shuningdek, mulkdorlar huquqlarining ishonchli himoya qilinishi taʼminlanadi.

Ko‘chmas mulk bilan bog‘liq nizolarning sudgacha hal etilishi, iqtisodiyotga investitsiyalar jalb qilinishiga va iqtisodiyotning barqaror rivojlanishiga ta’sir qilishi ta’kidlangan.