“Uzbekistan Airports” kompaniyasi va Transport vazirligi vakillari “Malaysia Airports Holdings Berhad” kompaniyasi bilan uchrashdi, xabar berdi kompaniya matbuot xizmati.

Unda Malayziya tajribasini joriy etish orqali O‘zbekistonda aeroport xizmatlari bozorini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda “Uzbekistan Airports” boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Javlon Umarxo‘jayev O‘zbekiston aeroportlarini rivojlantirish strategiyasi bilan hamkorlarni tanishtirdi.

Hamda “Buxoro” xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish va davlat-xususiy sheriklik asosida boshqaruvga o‘tkazish uchun tadbirkorlarni jalb qilish mexanizmlari haqida so‘z yuritdi.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha Malayziya kompaniyasining Oʻzbekistonga tashrifini tashkil etish va qoʻshimcha muzokaralar oʻtkazish hamda Buxoro aeroportini rivojlantirish konsepsiyasi haqida batafsil maʼlumot taqdim etish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Malaysia Airports Holdings Berhad 1992-yilda tashkil etilgan. Bugungi kunda Malayziya boʻylab 39 ta aeroport (beshta xalqaro aeroport, 17 ta ichki va 17 ta uchish-qoʻnish yoʻlagi bilan) va Turkiyadagi bitta xalqaro aeroportni boshqaradi.


Avvalroq “Spot” “Uzbekistan Airways” 1-noyabrdan Kuala-Lumpurga parvozlarni tiklayotgani haqida yozgandi.