O‘zbekiston fuqaroligi to‘g‘risidagi qonunga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish bo‘yicha qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Unga ko‘ra, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalariga kamida $1 mln sarmoya kiritgan chet davlat fuqarosi bo‘lgan yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston fuqaroligini olishi mumkin.

Mazkur tizim jismoniy shaxs yoxud taniqli olim, sportchi, madaniyat va san’at arbobiga nisbatan tadbiq etilib, soddalashtirilgan tartibda berilishi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi yoki Davlat xizmatlari markazi tomonidan $1 mln miqdoridagi kiritilgan sarmoyani tasdiqlovchi ma’lumotnoma olinishi kerak.

Qonun loyihasining muhokamasi joriy yilning 23-noyabrigacha davom etadi.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, $3 mln miqdorida investitsiya kiritgan chet el fuqarosiga 10 yil muddatga O‘zbekistonda yashash guvohnomasi beriladi.

Xorijiy investorlar, xorijiy davlatlar fuqarolari orasidan jalb etiladigan mutaxassislar va ularning oila a’zolarini vaqtincha ro‘yxatga olish investitsiya loyihasi ro‘yobga chiqarilayotgan hududdagi aholi yashash punktida amalga oshiriladi.

Mamlakatning boshqa hududlarida bo‘lganda esa qayta ro‘yxatdan o‘tish majburiyatisiz, vizaning amal qilish muddatiga, shuningdek, viza mavjud bo‘lmaganda 1 yil muddatga ro‘yxatga olinadi.

Shuningdek, 108 ta mamlakat fuqarolari O‘zbekistonda qurilayotgan ko‘chmas mulk obyektlarini, xususan, Toshkent viloyati, Toshkent va Samarqand shaharlarida $180 ming.dan kam bo‘lmagan, boshqa hududlarda esa $85 ming.dan kam bo‘lmagan uy-joylarni sotib olishlari mumkin.

Buning uchun xorijliklardan O‘zbekistonda yashash guvohnomasi talab qilinmaydi.