“Talimarjon IES"da umumiy quvvati 900 MVt dan kam bo‘lmagan ikkita bug‘-gaz qurilmalari quriladi. Bu haqda Energetika vazirligining matbuot xizmati xabar bermoqda.

Unga ko‘ra, loyihani Osiyo taraqqiyot bankining imtiyozli kredit mablag‘lari hisobiga 2025-yilning yakuniga qadar amalga oshirish belgilangan.

Loyihaga bosh pudratchilar sifatida Ispaniyaning “Intecsa Ingeniera Industrial” va Yaponiyaning “Mitsubishi Corporation” kompaniyalari tanlanib, shartnomalar imzolandi.

Natijada Samarqand va Buxoro viloyatlari, Qarshi magistral kanalidagi yettita nasos stansiyasi hamda aholi elektr energiyasi bilan ta’minlanishi belgilangan.

Shuningdek, natijada yiliga qo‘shimcha 7,2 mlrd kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, 520 mln kub metr tabiiy gaz tejaladi.

Bundan tashqari, atmosferaga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalar 1500 tonnaga kamaytirilishi qayd etilgan.

Avvalroq, BAAning “Mubadala” va “TAQA” kompaniyalari “Talimarjon IES"ga qariyb $1 mlrd sarmoya kiritishi haqida xabar berilgandi.

Xususan, BAA kompaniyalarining investitsiyalari qo‘shma korxonaning $300 mln.lik ustav kapitalidagi 80% ulush uchun to‘lov qiladi.

Bundan tashqari, ilgari “Talimarjon” IES tomonidan jalb qilingan taxminan $700 mln.lik kreditlarni to‘lashga yo‘naltiriladi.

Kompaniyalar haqida

Intecsa Ingeniera Industrial” kompaniyasi 1965-yili tashkil etilgan bo‘lib, mahalliy va xalqaro loyihalar uchun texnologik paketlarni yetkazib berish bilan shug‘ullanadi.

Mitsubishi Corporation” 1954-yili tashkil etilgan. Hozir dunyoning 90 ga yaqin mamlakatida vakolatxonasiga ega.

Kompaniya tabiiy gaz, sanoat materiallari, neft va kimyo yechimlari, mineral resurslar, sanoat infratuzilmasi, oziq-ovqat sanoati kabi 10 ta biznes guruhiga ega.