Qurilish loyihalarini amalga oshirishda nazorat mexanizmlarini takomillashtirish, jarayonning ochiqligi va shaffofligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida prezident qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, 2023-yildan tegishli davlat dasturlari va loyihalari doirasida obyektlarning bosh loyiha-qidiruv va bosh qurilish-pudrat tashkilotlari “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida elektron tender (tanlov) savdolari orqali aniqlanadi.

Bunda hokim yordamchisi, mahalla faollari va yoshlar yetakchilari, OAV va boshqa jamoat tashkilotlari tomonidan hududlarda amalga oshirilayotgan ishlarning holati ustidan jamoatchilik nazorati o‘rnatiladi.

Bundan tashqari 1-yanvarga qadar qurilish obyektlarini ro‘yxatga olishdan boshlab, foydalanishga qabul qilishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar raqamlashtiriladi.

Shuningdek, qarorga ko‘ra, “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimining mobil ilovasi yaratiladi.

Shu bilan birga, “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida 1-yanvarga qadar dasturlar va loyihalarning ro‘yxatlarini yuritish, ularga kiritiladigan barcha o‘zgartirish va qo‘shimchalar aks ettiriladi.


Avvalroq “Spot” O‘zbekistondagi qurilish jarayonlari BIM texnologiyasi asosida amalga oshirilishi haqida yozgandi.