“Immigrant House” migratsiya kompaniyasi rossiyaliklar qaysi davlatlarga ketayotgani haqidagi statistikani taqdim etdi. Bu haqda “RBC” nashri xabar bermoqda.

Iqtisodiy vaziyatning beqarorligi, Ukrainadagi voqealar va qisman safarbarlik e’lon qilinishi ko‘plab rossiyaliklarni mamlakatni tark etishga majbur qildi, deyiladi xabarda.

Xususan, 2022-yil oktabr oyi holatiga mamlakatni 1 mlndan ortiq odam tark etgan.

Migratsiyaning eng faol yo‘nalishlari MDH davlatlari, Turkiya va Yevropa Ittifoqi davlatlari hisoblanadi.

“Immigrant House” maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistonga 395 ming rossiyalik sayyohlik maqsadida kelgan.

Rossiya fuqarolari O‘zbekiston chegarasini amaldagi xorijiy pasport bilan kesib o‘tishlari, vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tgan holda uning hududida olti oy qolishlari mumkin.

2022-yilda Qozog‘istonga kelgan rossiyaliklar soni 1,66 mln.ni, belgilangan vaqt oralig‘ida mamlakat hududini tark etganlar soni esa 1,64 mln.ni tashkil etadi.

Avvalroq Rossiyada qisman safarbarlik boshlanganidan so‘ng, bir qator sug‘urta kompaniyalari sayohatchilar uchun sug‘urta polislarini sotishni oshirgandi.

O‘sish sur’ati eng yuqori bo‘lgan davlatlar qatorida Oʻzbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Armaniston va Turkiya bor.