Prezident ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi.

Ushbu qonun ko‘chmas mulkning quyidagi turlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga nisbatan tatbiq etiladi:

  • yer uchastkalariga;
  • binolar, inshootlar, shu jumladan qurilishi tugallanmagan obyektlarga;
  • ko‘p yillik dov-daraxtlarga;
  • mulkiy majmua sifatidagi korxonaga.

Ko‘chmas mulkka bo‘lgan quyidagi huquqlar yoki cheklovlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim:

  • mulk huquqi;
  • doimiy egalik qilish va foydalanish huquqi;
  • meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi;
  • ijara huquqi, ikkilamchi ijara huquqi;
  • xo‘jalik yuritish va operativ boshqarish huquqi;
  • ko‘chmas mulkni ishonchli boshqarish huquqi;
  • bepul foydalanish huquqi;
  • renta, ipoteka, servitut;
  • ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarga qo‘yilgan cheklovlar.

Binolar, inshootlar hamda qurilishi tugallanmagan obyektlarga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ushbu ko‘chmas mulk joylashgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaguniga qadar amalga oshirilmaydi.

Ko‘chmas mulkning kadastr yig‘majildini shakllantirish uchun yer uchastkalarining belgilanganligi, bino, inshootning qurilganligi va foydalanishga topshirilganligi, belgilangan tartibda ajratilgan yer uchastkasida qurilishi tugallanmagan obyektning mavjudligi, ko‘chmas mulkning bo‘linganligi yoki birlashtirilganligi asos bo‘ladi.

Mazkur qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.


Avvalroq qurilish loyihalarini amalga oshirishda nazorat mexanizmlarini takomillashtirish, jarayonning ochiqligi va shaffofligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida prezident qarori qabul qilindi.