Rossiyadan MDH davlatlariga turistik sayohatlar bo‘yicha O‘zbekiston yetakchilik qilmoqda, deya xabar berdi “RIA Novosti” agentligi Rossiya Turoperatorlari uyushmasi (ATOR) ijrochi direktori Maya Lomidzega tayanib.

Uning soʻzlariga koʻra, koʻplab MDH mamlakatlariga qiziqish ortganiga qaramay, biroq Oʻzbekiston dinamika boʻyicha yetakchi hisoblanadi.

“Agar 2021-yilni 2022-yil bilan solishtiradigan bo‘lsak, mamlakatga yil davomida sayohatlar hajmi 20%ga o‘sdi”, — dedi Lomidze Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasida.

Xususan, rossiyaliklar an’anaviy tarzda Samarqand, Buxoro, Xivaga sayohatlarni afzal koʻrishgan.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil yanvar-sentabr oylarida Rossiyadan kelgan sayyohlar soni 2021-yil yakunlariga nisbatan ikki baravar koʻpayib, 395,1 ming kishiga yetgan.

Avvalroq Oʻzbekiston rossiyaliklar uchun eng mashhur va yozgi ta’tilni oʻtkazadigan yo‘nalishlardan biriga aylangandi.

Shuningdek, Rossiyadagi safarbarlik fonida sayohat sug‘urtasiga talab ortgani, ular asosan Oʻzbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonga kabi yo‘nalishlarni tanlagani haqida xabar berilgandi.

Bundan tashqari rossiyaliklar qishki ta’tilni asosan O‘zbekistonda o‘tkazishni rejalashtirgani haqida ma’lum qilindi.