Buxoroda “Street Food” gastronomik ko‘chasi tashkil etilmoqda, deya xabar berdi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.

Gastronomik ko‘chaning uzunligi 820 metr bo‘lib, mavjud xizmat va savdo shohobchalari soni 36 tani tashkil etadi, shundan 9 tasi umumiy ovqatlanish shohobchalari hisoblanadi.

Xususan, 13-dekabr kuni Bravo Lider restorani ham o‘z faoliyatini boshladi. Restoran milliy va yevropa taomlariga ixtisoslashgan bo‘lib, 200 kishiga mo‘ljallangan.

Loyiha ishga tushishi natijasida 50 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Restoranga halol sertifikatini olish borasida ham amaliy ishlar boshlangan.

Shuningdek, gastronomik ko‘chada 22 ta do‘kon va 50 ta ko‘chma savdo shaxobchalari qurilishi rejalashtirilgan. Bu esa o‘z navbatida 190 ta yangi ish o‘rni yaratilishini ham ta’minlaydi.

Joriy yil aprelda prezident qarori bilan O‘zbekistonda ichki turizmni rivojlantirish chora-tadbirlari tasdiqlangandi.

Turistik ko‘chalarni yaratish, ularni Wi-Fi zonalari bilan ta’minlash va ularga sayyohlarni maxsus avtobuslarda tashishni tashkil etish shular jumlasidandir.

Sayyohlik ko‘chalarida umumiy ovqatlanish shohobchalari, savdo do‘konlari, madaniy-ko‘ngilochar obyektlarning tungi vaqtda erkin ishlashiga ruxsat berilgan.

Xuddi shu qarorda mahalliy sayyohlar uchun 1-sentabrdan ish boshlagan maxsus keshbek platformasi ham nazarda tutilgandi.


Avvalroq “Spot” Buxoro aeroportini modernizatsiya qilishga Malayziya kompaniyasini jalb etish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.