AKT vazirining o‘rinbosari Jamshid Egamberdiyev boshchiligidagi delegatsiya Janubiy Koreyaga tashrif buyurdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Tashrif davomida Koreya Davlat boshqaruvi va xavfsizlik vazirligi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Xususan, Koreya Davlat boshqaruvi va xavfsizlik vaziri o‘rinbosari Xan Chang Sob bilan o‘tkazilgan mazkur uchrashuvda “Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha O‘zbekiston-Koreya ekspertlar guruhi faoliyatini tashkil etish” loyihasini davom ettirish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi.

Mazkur loyiha doirasida 2020−2022-yillar uchun $1 mln ajratilgan bo‘lib, uni davom ettirish uchun Koreya tomoni bilan qiymati $330 ming miqdorida mablag‘ ajratish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Unga ko‘ra, mablag‘lar 2023-yilda O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni rivojlantirishga yo‘naltirilishi belgilangan.

Shuningdek, AKT vaziri o‘rinbosari Seul shahri meriyasi xalqaro hamkorlik boshqarmasi direktori o‘rinbosari Kim Mi Sun bilan uchrashdi. Unda “TOPIS” tizimi imkoniyatlari, uni joriy etish natijasida transport, favqulodda vaziyalar va xavfsizlik holatlarini boshqarishda erishilgan natijalar muhokama qilindi.

Koreya moliyaviy texnologiyalar markazi raisi Pyon Yong Xan bilan o‘tkan uchrashuvda O‘zbekistonda moliyaviy texnologiyalar va raqamli iqtisodiyot sohasida hamkorlik qilish va tajriba almashish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi.

2021-yilning oxirida “KOICA” “IT Park” salohiyatini oshirishga $4,5 mln grant ajratishi belgilangandi. Joriy yilda Janubiy Koreyaning “Interlab” hamda “Young in Biogen” kompaniyalari Yashnobod texnoparkiga $5 mln investitsiya ajratdi.

Shuningdek, Nurafshonda Janubiy Koreya bilan hamkorlikda yangi shaharcha barpo etiladi. Loyiha 2022−2026-yillarda 150 gektar yer maydonda $500 mln investitsiya kiritish hisobidan amalga oshiriladi.