Nurafshon shahar hokimi Muzaffar Soliyev Koreya delegatsiyasi bilan uchrashdi, xabar bermoqda shahar hokimligi.

Uchrashuvda Janubiy Koreya bilan hamkorlikda yangi “New moon city” shaharchasini qurish bo‘yicha loyihani amalga oshirish, shahar infratuzilmasini rivojlantirish konsepsiyasi va rejalari kelishib olindi.

Amalga oshiriladigan ishlar “TDC Co. Ltd” kompaniyasi hamda Janubiy Koreya-O‘zbekiston biznes uyushmasi bilan birgalikda bajariladi.

Loyiha doirasida 2022−2026-yillarda 150 gektar yer maydonda $500 mln investitsiya kiritish hisobiga Janubiy Koreya tipida shaharcha bunyod etilishi ko‘zda tutilgan.

Bu yerda Yong‘in xavfsizligi kolleji, universitet va kasalxona, ko‘ngilochar markazlar quriladi.

Shuningdek, konferens markaz, savdo markazlari, turar joylar, istirohat bog‘i qurilishi belgilangan.

Natijada 1800 nafar yangi ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilgan.