Niderlandiya bilim va texnologiyalari O‘zbekiston mevachilik tarmog‘iga kiradi, bu haqda “Dunyo” xabar bermoqda.

Bu bo‘yicha O‘zbekistonning Beniluks davlatlaridagi elchixonasi bilan “O‘zbekiston mevachilik tarmog‘i uchun smart yechimlarni yaratish” loyihasi doirasida Niderlandiya kompaniyalarining konsorsium tuzish to‘g‘risidagi bitimi imzolangan.

Mazkur loyiha Niderlandiya tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash agentligi (RVO) bilan ushbu mamlakatning qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yurituvchi to‘qqizta kompaniyasi o‘rtasida ilgari surilgan.

Undan ko‘zlangan maqsad O‘zbekistonning mahalliy va eksport bozorlaridagi meva yetishtirish va marketingini amalga oshirishda niderland yondashuvlarini joriy etishga ko‘maklashishdan iborat.

“Loyiha ishtirokchilari O‘zbekistonda mevalarning kasalliklarga chidamli navlarini yaratish, suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, intensiv bog‘larni loyihalashtirish kabi yo‘nalishlarda katta tajribaga ega”, — dedi Annemike Brusterxauzen.

Bundan tashqari, loyiha doirasida tabiiy resurslardan to‘g‘ri foydalangan holda hosildorlikni oshirish, bog‘dorchilikning barqaror va integratsiyalashgan tarmoqlarini yaratish yondashuvlarining ko‘lamini kengaytirish, meva mahsulotlarining ta’minot zanjirlarini rivojlantirish borasidagi bilimlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish yo‘nalishlarida hamkorlik amalga oshiriladi.

Shuningdek, O‘zbekistonning uchta mintaqasida uchta sinov dalasi yaratilib, barcha amaliy tadbirlar shu yerda amalga oshiriladi. Konsorsium tarkibida Niderlandiyaning “Evers International”, “Puijk Group”, “VGB Watertechniek”, “Hol Spraying Systems”, “Geyerlofs” kabi kompaniyalar mavjud.

Loyiha uch yilga mo‘ljallangan bo‘lib, amalga oshirilishi davomida unga yangi kompaniyalar kelib qo‘shilishi va qamrab olinadigan sohalar ko‘lami kengayishi kutilmoqda.

Avvalroq, dehqonlarga qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish uchun 150 mln so‘mgacha garovsiz kreditlar berilishi ma’lum bo‘lgandi.

Shuningdek, PMTI qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishda qanday qilib barqaror o‘sishga erishish mumkinligi haqida tahlillarni taqdim etgandi.