Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston chegarasi orqali o‘tishida biografik va biometrik ma’lumotlarini yig‘ish, saqlash, qayta ishlash va almashishning vaqtincha tartibini belgilovchi qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Unga ko‘ra, mazkur vaqtinchalik tartib immunitet huquqiga ega bo‘lgan diplomatik korpus vakillariga nisbatan majburiy ravishda tatbiq etilmaydi.

Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning quyidagi biografik va biometrik ma’lumotlari nazarda tutilmoqda:

  • familiyasi;
  • ismi;
  • sharifi;
  • tug‘ilgan sanasi;
  • hujjatning seriya va raqami;
  • hujjatning amal qilish muddati;
  • fuqaroligi to‘g‘risida ma’lumot;
  • hujjatdagi yuz qiyofa fotosurati;
  • chet el fuqarosining harakat (yoki tranzit) yo‘nalishi (kirish yoki chiqish), kesib o‘tayotgan Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punkti va vaqti (yil:oy:kun:soat:daqiqa:soniya) to‘g‘risidagi ma’lumotlar.

Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktida DXX CHQ harbiy xizmatchisi qo‘shimcha belgilar va zarur ma’lumotlarni kiritishi va saqlashi mumkin.

Shu bilan birga, mazkur jarayonlarni amalga oshiruvchi vakolatli xodimlar shaxsga doir ma’lumotlarning konfidensialligi va himoya qilinganligi prinsiplarini ta’minlashi shartligi qayd etilgan.

Chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning shaxsini tasdiqlovchi hujjatida chip mavjud va ishchi holatda bo‘lsa, biografik va biometrik ma’lumotlar elektron o‘qish orqali olinadi, agar chip mavjud bo‘lmasa, hujjatning vizual zonasi va mashina o‘qiladigan zonasi skanerlanadi.

Aloqa kanallari bo‘lmaganida yoki boshqa avariya holatlarida ko‘rsatib o‘tilgan ayrim ma’lumotlar yig‘ilmasligi mumkin.

Taqdim etilgan biometrik hujjat chipidan texnik sabablarga ko‘ra ma’lumotlarni o‘qib bo‘lmaslik chet el fuqarosining Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlaridan o‘tishini rad etishga asos bo‘lmaydi.

Skanerlangan hujjatning biografik va biometrik ma’lumotlari himoyalangan VPN aloqa tarmog‘i orqali DXX CHQ ma’lumotlar bazasiga yuborilib, ular qayta ishlanadi va saqlanadi.

Loyiha bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin. Fikr mulohalar 2023 yilning 9 yanvarigacha qabul qilinadi.

Avvalroq, O‘zbekiston fuqaroligi to‘g‘risidagi qonunga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish bo‘yicha qonun loyihasi muhokamaga qo‘yilgandi.

Unda $1 mln investitsiya kiritgan xorijiy shaxslarga O‘zbekiston fuqaroligi berilishi ta’kidlangan.