Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov Turkiya Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Shuayib Birindji bilan videomuloqot o‘tkazdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Unda tibbiyot sohasi bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama etildi, xususan, tibbiyotni raqamlashtirish jarayonini jadallashtirish ko‘zlangan.

Shuningdek, O‘zbekistonda davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini bosqichma-bosqich joriy etishga kirishilgan. Birinchi bosqich sinov tariqasida Sirdaryoda amalga oshirilmoqda.

2023-yildan esa, mazkur mexanizm Toshkentda ham yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, yangi tizim Navoiyda tatbiq etilishi rejalashtirilgan.

Tomonlar kelishuviga muvofiq, yaqin kunlarda turkiyalik yetakchi mutaxassislar mamlakatga tashrif buyuradi.

Avvalroq, 2023-yilda mingdan ortiq tibbiyot muassasalarida quyosh panellari o‘rnatilishi ma’lum bo‘lgandi.