2023-yilda 1 008 ta tibbiyot muassasalarida quyosh panellari o‘rnatiladi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi yig‘ilishida ta’kidlangan.

“Tibbiyot muassasalarini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida jami 437 ta dizel generatori xarid qilindi”, — Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov.

Bundan tashqari, 2022−2023 yillarda tizimdagi 1 540 ta tibbiyot muassasasiga muqobil energiya manbalarini o‘rnatish belgilangan.

Hozir 107 ta tibbiyot muassasasiga 124 kVt. quvvatga ega quyosh panellari, 4 400 litr hajmdagi quyosh suv isitish qurilmalari o‘rnatilgan.

Shuningdek, sog‘liqni saqlash tizimiga ajratilgan mablag‘lar doirasida jami 425 ta (shundan 375 tasi mahalla tibbiyot punktlari hamda 50 tasi oilaviy shifokorlik punktlari hamda oilaviy poliklinikalar uchun mo‘ljallangan) 2 352 kVt. quvvatga ega quyosh panellari xarid qilindi va ular 2023-yilning birinchi choragida o‘rnatib, ishga tushiriladi.

Bundan tashqari, vazirlikning ma’muriy binosiga 100 kVt. quvvatga ega quyosh panellarini o‘rnatish ishlari amalga oshirilmoqda.

2023-yilda mahalliy hokimliklar bilan birgalikda yana 1 008 ta obyektda 4 427 kVt. quvvatga ega quyosh panellari o‘rnatishi rejalashtirilgan.

2022-yilda Germaniyaning “KfW” banki O‘zbekistondagi tibbiyot markazlarini modernizatsiya qilishga 11,3 mln yevro ajratishi ma’lum bo‘lgandi.