Ukrainadagi urush tufayli 2022-yil oxirigacha g‘arb kompaniyalarining 8,5%i Rossiyani tark etgan, deya xabar bermoqda “Forbes” nashri.

“Ma'lumotlar g‘arb kompaniyalarining hozirda hukumatlari geosiyosiy raqib deb hisoblagan mamlakatlar iqtisodidan ajralib chiqishga tayyorligini shubha ostiga qo‘yadi”, deb yozadi “Sankt-Gallen” universiteti iqtisodchilari Saymon Evenett va “IMD” biznes maktabidan Nikkolo Pisani o‘z tadqiqotida.

Maʼlumotlarga koʻra, 2022-yil fevral holatiga, Rossiyada Yevropa Ittifoqi va G7 davlatlaridan 1404 ta kompaniyaning 2405 ta shoʻba korxonasi faoliyat yuritgan.

Noyabrga kelib esa g‘arb kompaniyalarining atigi 8,5%i Rossiya bozorini tark etgan. Ulardan qariyb 18%i AQSh, 15%i Yaponiya, 8,3%i Yevropa Ittifoqi kompaniyalari hisoblanadi.

Iqtisodchilarning ta’kidlashicha, Rossiya aktivlaridan chiqish ko‘pincha aktivlarni qayta sotib olish imkoniyati to‘g‘risidagi kelishuvlar bilan birga bo‘lgan.

“Yel” universiteti maʼlumotlariga koʻra, “Ford”, “Renault”, “McDonald's”, “IKEA” va “Shell” kabi kompaniyalar Rossiyani butunlay tark etgan.

Oziq-ovqat va uy jihozlarini ishlab chiqaruvchi “Unilever”, AQShning “Subway” tez ovqatlanish tarmog‘i va Italiyaning “Barilla” makaron ishlab chiqaruvchisi kabi ko‘plab boshqa kompaniyalar mamlakatda o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.

Rossiyadan chiqish e’lon qilinganidan keyin tuzilgan bitimlarni bir nechta asosiy toifalarga bo‘lish mumkin: yangi investorga sotish va Rossiya bozoridan to‘liq chiqish, ozchilik ulush yoki qaytarib sotib olish sharti bilan yangi investorga sotish, mahalliy hamkor yoki boshqaruvga sotish.

Strategik tadqiqotlar markazining ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yil sentabr oyi boshida Rossiyada faoliyat yuritayotgan yirik xorijiy kompaniyalarning 34%i mamlakatdagi faoliyatini cheklagan.

15%i Rossiya bo‘linmasini yangisiga o‘tkazish orqali uni tark etishga qaror qilgan. 7%i biznesni sotmasdan bozordan butunlay chiqib ketishlarini e’lon qilishdi.

Ularning yo‘qotishlari $200−240 mlrdni tashkil etdi, eng ko‘p zarar ko‘rgan Amerika va Britaniya kompaniyalari hisoblanadi.

“Spot” 2022-yilning mart va sentabr oylarida Rossiyani tark etgan va mamlakatdan chiqishni rejalashtirayotgan xorij kompaniyalari haqida yozgandi.