Avvalroq, Qozog‘istonning “Sergek” kompaniyasi O‘zbekistonda ofisini ochishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.

“KazakhEksport” eksport sug‘urta kompaniyasining “Spot"ga ma’lum qilishicha, Namanganda jamoat va yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlovchi mazkur tizim joriy etildi.

Xususan, 25 ta “Sergek” qurilmasi shahar va tumanlarning 13 ta uchastkasida o‘rnatilgan, tizim tezlikni oshirish, svetofordan o‘tish, yo‘l belgilarini buzish holatlarini qayd etadi.

Loyiha xususiy sarmoya hisobidan amalga oshirilib, davlat eksport dasturi orqali subsidiyalangan.

“Sergek” jamoat va yo‘l harakati xavfsizligi tizimi Qozog‘istonning 8 ta shahrida, jumladan, Ostona, Ust-Kamenogorsk, Olmaota, Atirau, Chimkent, Semey, Taraz va Turkistonda faoliyat yuritadi.

Tizim faoliyatining birinchi yilida Ostonada yo‘l-transport hodisalarida halok bo‘lganlar soni 43%ga kamaygan. Undan foydalanib, jinoiy huquqbuzarliklarni ham ochish mumkin.

Kompaniya eksport strategiyasini ishlab chiqmoqda hamda Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyo bozorlari, shuningdek, Yaqin Sharq va Afrika mintaqasiga kirishni rejalashtirmoqda.

“Sergek” jamoat va yo‘l harakati xavfsizligi intellektual tizimi qozog‘istonlik ishlab chiquvchilarning mahsuloti bo‘lib, dasturiy ta’minot va apparat mutaxassislarini birlashtirgan “Sergek Group” kompaniyalar guruhi hisoblanadi.

Avvalroq, Toshkentdagi avtomobil yo‘llarini raqamlashtirishga xususiy biznesni jalb etish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.