Avvalroq, 30-yanvardan metan “zapravka"lar faoliyati ma’lum grafik asosida qayta tiklanib, gaz bosimi me’yoriga kelgach O‘zbekistondagi barcha shaxobchalar ham odatdagi rejimda faoliyat yurita boshlashi ma’lum qilingandi.

Energetika vazirligining xabar berishicha, 2-fevraldan barcha hududlardagi AGTKSHlar faoliyati bosqichma-bosqich tiklanadi.

Biroq, bu hududlar sharoitidan kelib chiqqan holda mahalliy hokimliklar tomonidan taqdim etilgan ro‘yxat asosida amalga oshiriladi.

AGTKSHlar faoliyatidagi vaqt cheklovlari gaz quvurlarida bosimning ko‘tarilib borishiga mos ravishda o‘zgartirib boriladi.

Gaz quvurlarida bosimning me’yorga kelishi natijasida aholini tabiiy gaz bilan bir maromda ta’minlash imkoni yaratilmoqda, deyiladi vazirlik xabarida.

Mamlakatda kuzatilgan sovuq ob-havo davrida tabiiy gazni birinchi navbatda aholi xonadonlari va bino-inshootlarga yetkazib berish uchun avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyati vaqtincha to‘xtatilgandi. Energetika vazirligi ham cheklovlar qatorida AGTKSHlar faoliyatini qayd etdi.

Shu bilan birga, har qanday ulgurji iste’molchilar, xususan, magistral gaz quvurlari va gaz taqsimlash shoxobchalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulangan barcha korxonalarga tabiiy gaz ta’minoti vaqtincha to‘xtatilgandi.

Davlat rahbari anomal sovuq davrida aholini energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash hamda yuzaga kelayotgan muammolar bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazib, avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarida davom etayotgan o‘g‘irliklarga barham berish shartligini ta’kidladi.