AQSh Moliya vazirligi Rossiya bilan aloqador 10 nafar jismoniy va 12 yuridik shaxsga nisbatan sanksiyalar joriy qildi. Qora ro‘yxatga Singapur, Latviya, Kipr, Isroil, Rossiya va O‘zbekiston fuqarolari kiritilgan.

Ro‘yxatda asosiy shaxslar Igor va Jonatan Zimenkov turibdi. AQSh Moliya vazirligi ularni Rossiyaning mudofaa loyihalari, shu jumladan Rossiyaning yuqori texnologiyali uskunalarini yetkazib berish bilan bog‘liq deb hisoblaydi.

Qayd etilishicha, ular sanksiyalarga kiritilgan “Rostec” va “Rosoboroneksport” bilan ham hamkorlik qilgan.

Moliya vazirligi ularning kiberxavfsizlik va vertolyotlar savdosi bilan bog‘liq bitimlardagi rolini eslatib o‘tadi. Igor Zimenkov Belarus harbiy-sanoat kompleksiga ham yordam ko‘rsatgan, deya ta’kidlaydi vazirlik.

Shuningdek ro‘yxatda O‘zbekistonning 2 nafar fuqarosi Maks Borisovich Piflaks va uning o‘g‘li Gilad Piflaks (O‘zbekiston va Isroil fuqaroligiga ega) bor. Maks Piflaks 2002-yilda Kiprda tashkil etilgan “Mateas” kompaniyasi rahbari.

Ro‘yxatdagi boshqa shaxslar:

  • Marks Blats (Latviya);
  • Serena Bi Lin (Singapur);
  • Igor Palnichenko (Kipr);
  • Aleksandr Volfovits (Kipr, Isroil);
  • Ariel Volfovits (Kipr);
  • Stanislav Volfovits (Kipr, Isroil);

Yuridik shaxslar ro‘yxati:

  • “Asia Trading & Construction PTE” (Singapur);
  • “DES Defense Engineering Solutions” (Isroil);
  • “Elektrooptika SIA” (Latviya);
  • “GBD” (Kipr);
  • “GMI Global Manufacturing & Integration” (Kipr);
  • “Kliosa” (Kipr);
  • “Mateas” (Kipr);
  • “Pitaron” (Kipr);
  • “Terra-AZ” (Kipr);
  • “Texel FCG Technology” (Isroil);
  • “U-Stone EOOD” (Bolgariya);
  • “VFC Solutions” (Kipr).

AQSh Moliya vazirligining ta’kidlashicha, yuqorida sanab o‘tilganlar Rossiya harbiy-sanoat kompleksini qo‘llab-quvvatlash maqsadida sanksiyalardan qochgan jismoniy va yuridik shaxslarning global tarmog‘idir.


2022-yilning mart oyida Yevropa Ittifoqi bir qator rossiyalik amaldorlar va tadbirkorlarga qarshi sanksiyalar kiritgandi.

Ular orasida “USM"ning asosiy aksiyadori Alisher Usmonov, “Аlfa Group” shirkati hammualliflari Mixail Fridman va Petr Aven, “Rosnefti” rahbari Igor Sechin va boshqalar bor.

Iyul oyida Alisher Usmonov Yevropa Ittifoqi tomonidan unga nisbatan joriy qilingan sanksiyalar yuzasidan sudga murojaat qildi.

Biroq Yevropa sudi Alisher Usmonovning sanksiyalar bo‘yicha da’vosini tezlashtirilgan tarzda ko‘rib chiqishni rad etdi.

Sentabr oyida Vengriya Yevropa Ittifoqidan Alisher Usmonovga nisbatan sanksiyalarni bekor qilishni so‘radi.

Sentabr oyida tadbirkorning singlisi Saodat Narziyevaga qo‘yilgan Yevropa Ittifoqining sanksiyalari bekor qilindi.