“Uzbekistan Airways” Nyu-Yorkka parvozlar uchun 20% chegirma e’lon qildi, deya xabar bermoqda kompaniya matbuot xizmati.

Unga ko‘ra, chegirma joriy yilning 7-fevralidan 10-apreligacha Toshkentdan Nyu-Yorkga va qaytish yo‘nalishi bo‘yicha barcha aviaqatnovlarning ekonom va biznes-klass tariflariga amal qiladi.

Chegirmali aviachiptalarni kompaniya sayti, “UzAirways” mobil ilovasi, “Uzbekistan Airways Sales” filiali va agentlari hamda xorijdagi vakolatxonalardan xarid qilish mumkin.

Toshkent-Nyu-York yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar haftasiga ikki marta — payshanba va yakshanba kunlari amalga oshiriladi. Yo‘nalishga Boeing 787−800 layneri xizmat ko‘rsatadi.

Parvoz jadvali quyidagicha (mahalliy vaqt bilan):

  • Toshkentdan jo‘nab ketish — 6:40, Nyu-Yorkka kelish — 19:50;
  • Nyu-Yorkdan jo‘nab ketish — 22:00, Toshkentga kelish — 10:00.

Avvalroq, “Uzbekistan Airways Express” uchta yangi qatnovni amalga oshirib, yana bitta yo‘nalishni qayta tiklashi haqida xabar berilgandi. Hamyonbop narxlardagi reyslar Rossiyaning Omsk, Nijniy Novgorod, Orenburg hamda Nijnevartovsk shaharlariga amalga oshiriladi.

Shuningdek, kompaniya martdan Parij va Milanga parvozlarni qayta tiklamoqda. Milanga aviaqatnovlar 28-martdan, Parijga esa 31-martdan boshlanib, haftada ikki marta — seshanba va juma kunlari amalga oshiriladi.