“Uzbekistan Airways” joriy yil bahordan Rossiyaning ikkita shahriga yangi yo‘nalish bo‘yicha aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, parvozlar Toshkent-Omsk-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha 26-martdan haftasiga bir marta — yakshanba kunlari, Toshkent-Nijniy Novgorod-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha esa 28-martdan haftasiga ikki marta — seshanba va shanba kunlari amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, “Sharqiy” xabni rivojlantirish loyihasi doirasida 27-martdan Namangan-Orenburg-Namangan yo‘nalishi bo‘yicha aviaqatnovlar qayta tiklanadi.

Muntazam to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnovlar haftada bir marta — dushanba kunlari amalga oshiriladi.

31-martdan esa Namangan-Nijnevartovsk-Namangan yo‘nalishi bo‘yicha yangi qatnov yo‘lga qo‘yilib, parvozlar haftada bir marta — juma kunlari amalga oshiriladi.

Barcha aviaqatnovlar kompaniyaning kam budjetli yo‘lovchi aviatashuvchisi hisoblangan “Uzbekistan Airways Express” brendi ostida amalga oshirilib, aviatsiya bozorida yo‘lovchilar uchun hamyonbop narxdagi aviachiptalarni taqdim etadi, deyiladi xabarda.

Aviachiptalarni aviakompaniyaning rasmiy saytidan 3% chegirma bilan, “UzAirways” mobil ilovasi orqali hamda “Uzbekistan Airways Sales” filialidan yoki aviakompaniya agentlaridan xarid qilish mumkin.


2022-yili “Rossiya” aviakompaniyasi Moskva-Toshkent muntazam qatnovini yoʻlga qoʻygandi.

Sentabr oyida “Yamal” kompaniyasi Moskvaning “Domodedovo” aeroportidan Toshkent hamda Namanganga parvozlarni amalga oshirishi ma’lum bo‘lgandi. Dekabrga borib, kompaniya Sankt-Peterburgdan Namangan hamda Urganchga parvozlarni yo‘lga qo‘yishi haqida xabar berildi.