“Yamal” aviakompaniyasi Moskvaning “Domodedovo” aeroportidan O‘zbekistonga yangi parvoz dasturini ishga tushiradi, deya xabar berdi “AviaPort” nashri.

Unga ko‘ra, aviakompaniya 14-sentabrdan Toshkentga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni haftasiga ikki marta dushanba va chorshanba kunlari amalga oshiradi.

17-sentabrdan esa haftasiga bir marta shanba kunlari Namanganga parvozlar boshlanadi.

Yangi yo‘nalishlarga parvozlar Airbus A321 samolyotlarida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Yamal” aviakompaniyasi faoliyatini 1997-yilda boshlagan. Bugungi kunda Rossiyaning G‘arbiy Sibir mintaqasidagi yirik aviatashuvchilardan biri hisoblanadi.

Bundan oldin “FlyNas” aviakompaniyasi Jidda-Toshkent-Jidda yo‘nalishida muntazam aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yishi ma’lum qilingandi.

Mazkur yo‘nalishda haftasiga uch marotaba parvozlar amalga oshiriladi.

Shuningdek, 20-avgustdan “Qanot Sharq” Toshkent-Farg‘ona-Moskva yo‘nalishida qatnovlarni yo‘lga qo‘ygandi. Parvozlar shanba va yakshanba kunlari amalga oshiriladi.