Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) “AgVenture” tanlovini e’lon qildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati “Spot"ga ma’lum qildi.

Unda bank sarmoya kiritadigan barcha mamlakatlardan agrobiznes startaplari qatnashishi mumkin.

Tanlovni o‘tkazishdan maqsad — oziq-ovqat tizimlari duch keladigan muammolarga yechim topish.

Bularga oziq-ovqat xavfsizligi, iqlim o‘zgarishi, maqsadli guruhlar va kichik biznesni global qiymat zanjiriga kiritish kiradi.

YeTTB xizmatlar va texnologiyalar hamda oziq-ovqat ishlab chiqarishni yanada barqaror va inklyuziv qilishga yordam berish orqali iqlim o‘zgarishi orqali yuzaga keladigan muammolarning bir qismini hal qilmoqchi.

Shuningdek, korporativ venchur kapitali kabi mablag‘larni taqdim etish orqali startaplar va ilg‘or texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlashda faolroq bo‘lishga undamoqchi.

G‘olib startaplar YeTTBning “Star Venture” dasturi orqali individual maslahat yordami va qo‘shimcha xizmatlar uchun 80 ming yevrogacha taqdirlanadi.

Shuninigdek, tarmoq yaratish va xalqaro profil forumlarida ishtirok etish uchun 10 ming yevro miqdoridagi grant oladi. Natijalar aprel oyi oxirida e’lon qilinadi.

Avvalroq, bankning 2022-yilda O‘zbekistondagi loyihalarga qariyb $900 mln sarmoya kiritgani ma’lum bo‘lgandi. Natijada mamlakat ketma-ket uch yil davomida Markaziy Osiyodagi eng ko‘p mablag‘ oluvchi mamlakatga aylandi.

Bundan tashqari, YeTTB boshqaruvchilar kengashining yillik yig‘ilishi joriy yilning 16−18-may kunlari Samarqandda o‘tkaziladi.