Prezidentning mebel mahsulotlari ishlab chiqarish va eksport qilishni rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, qaror bilan 2023-yil 1-fevraldan 2024-yil 1-yanvarga qadar subsidiyalar kengaytirilmoqda.

Xususan, tayyor mebel mahsulotlarini eksport qiluvchi tadbirkorlarga xorijdagi ofis, savdo va ombor binolarini ijaraga olish xarajatlarining bir qismini qoplab berishda mazkur noturar joylar maydoniga qo‘yilgan me’yor 100 kvadrat metrdan 250 kvadrat metrga oshiriladi.

Shuningdek, yillik tushumida tayyor mebel mahsulotlari eksportidan tushum ulushi kamida 30%ni tashkil qiladigan mahalliy korxonalar tomonidan injener-texnolog, lak va bo‘yoq sepish ustasi, dizayner kabi xorijiy mutaxassislar jalb qilinganda, ular ish haqining 25%i, biroq mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 9 barobaridan ko‘p bo‘lmagan qismi qoplab beriladi.

Shu bilan birga, 2024-yilgacha tegishli mebel ishlab chiqarishda foydalaniladigan xomashyo, ehtiyot qismlar, furnitura va aksessuarlar importida bojxona bojining nol stavkasi qo‘llaniladi.

Shuningdek, prezident qarorida nazarda tutilgan xomashyo, ehtiyot qismlar, furnitura va aksessuarlarni O‘zbekistonga olib kirishda bojxona bojining nol stavkasi qo‘llanilishi 2024-yilgacha uzaytirildi.

2022-yil noyabr oyida prezident O‘zbekistonda mebel ishlab chiqarishni ko‘paytirish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlarni e’lon qilgandi. Oltita hududda mebel sanoati markazlarini tashkil etish rejalashtirilgan bo‘lib, bunda zarur infratuzilma uchun 55 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.


Avvalroq “Spot” Rossiyadagi eng yirik mebel kompaniyalaridan biri “divan.ru” MDH bozorlariga kirishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.