24-fevral kuni Toshkentda O‘zbekiston va Ozarbayjon hududlararo forumi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziriligi matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda O‘zbekiston tomonidan Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov, tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Saidov, Ozarbayjon tomonidan Iqtisodiyot vaziri Mikayil Jabborov delegatsiyalarga rahbarlik qildi.

Tomonlar savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish imkoniyatlarini qayd etdilar.

To‘qimachilik, ipakchilik, qishloq xo‘jaligi, zargarlik, avtomobilsozlik, neft-kimyo, energetika va boshqa sohalarda hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Shuningdek, yaqin kelajakda oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini $1 mlrdga yetkazish niyatlari ham taʼkidlandi.

Mazkur maqsadni amalga oshirish uchun talab qilinadigan mahsulotlarni oʻzaro yetkazib berish hajmini oshirish, toʻgʻridan-toʻgʻri ishbilarmonlik aloqalari uchun platformalar yaratish rejalashtirilgan.

Forumda qoʻshma loyihalarni moliyalashtirish uchun ustav kapitali $500 mln boʻlgan qoʻshma investitsiya fondini tashkil etish toʻgʻrisida bitim tuzildi.

Bundan tashqari, Toshkent va Boku oʻrtasidagi hamkorlikning yoʻl xaritasi hamda Buxoro va Lankaron, Xiva va Shusha, Qoʻqon va Sheki, Samarqand va Ganja shaharlari oʻrtasida qardosh shahar munosabatlarini oʻrnatishga oid hujjatlar imzolandi.

Tadbir yakunlari bo‘yicha tomonlar hududlarni rivojlantirishning ustuvor tarmoqlari bo‘yicha jami 11 ta savdo-iqtisodiy hujjatni imzoladilar.


Avvalroq “Spot” Ozarbayjonning “AZAL” aviakompaniyasi Boku va Urganch o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.