“Farg‘ona vodiysida chekka hududlar korxonalarini rivojlantirish” startap akseleratsiya dasturiga arizalar qabul qilinmoqda. Bu haqda Innovatsion rivojlanish agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Dastur kompaniyalarga biznesni rivojlantirishdan pitching‘gacha bo‘lgan barcha sohalarni qamrab oluvchi tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish va xalqaro muhitda qo‘llaniladigan tajribani o‘rgatishga qaratilgan.

Bunda ikkita ochiq tanlov o‘tkaziladi, akselerasiya dasturi esa umumiy hisobda 100 ta biznes-g‘oyani qo‘llab-quvvatlaydi.

Har bir ochiq tanlov arizachilar uchun 2 oyga yaqin vaqt davomida o‘tkaziladi va dastur maksimal 6 oy mobaynida davom etadi.

Bu davrda tanlab olingan startaplar jamoalari innovatsion startap-loyihalarni amalga oshirish asoslarini, maqsadli auditoriyani o‘rganadi, o‘z farazlarini sinovdan o‘tkazadi hamda minimal darajada yashovchan mahsulotlar loyihalarini (MVP) ishlab chiqadi.

Shuningdek, birinchi sotuvlarini amalga oshirib, qayta aloqaga chiqish orqali mahsulot haqidagi fikrlarni o‘rganadi hamda loyihaning zaif tomonlari tahlil qilinib, yaxshilanadi.

Eng yaxshi loyihalar startaplarni akselerasiya dasturidan o‘rin olgan va ular bilan shartnoma imzolashga tayyor nomzodlar, agentlik tomonidan beriladigan qo‘shimcha yordamdan foydalanishi mumkin.

Tanlab olingan startaplar agentlik tomonidan taklif etilgan innovatsion markazlarda tegishli obyektlardan foydalanish huquqiga ega bo‘ladi.

Har bir tanlab olingan startap arizani topshirishi va o‘z loyihasini rivojlantirishga sarmoya kiritish, Qishloq xo‘jaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi tomonidan belgilangan muayyan shartlarni bajarish uchun qo‘shimcha ko‘pi bilan $20 ming miqdorida sarmoya olishi mumkin.

Ushbu qo‘shimcha moliyalashtirish uchun tanlab olingan loyihalarga maxsus aktivlar va maslahat xizmatlari taqdim etiladi.

Bunday qo‘shimcha yordam faqat Qishloq xo‘jaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi bilan birlamchi shartnoma imzolanganidan keyin olinadi.

Birinchi ochiq tanlov uchun dasturga 50 ga yaqin loyihalar saralab olinadi va qo‘llab-quvvatlanadi.

Tanlovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lish uchun yaxshi g‘oya yoki prototip bo‘lishi yetarli, ekanligi qayd etilmoqda.

Unda faqat Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida qonuniy yashovchi yoki rezident bo‘lgan startaplar ishtirok etishi mumkin.

Tanlovning rasmiy tili o‘zbek tili hisoblanib, boshqa har qanday tilda yaratilgan materiallar tanlovda baholanmaydi.

Arizada quyidagilarni keltirish kerak:

  • arizachi haqida ma’lumot;
  • innovasion g‘oya shakli;
  • biznes-reja shakli;
  • g‘oyani amalga oshiruvchi jamoa.

Nomzodlar taklifni topshirish paytida kerakli moliyaviy ma’lumotlarni taqdim etishi lozim.

Unda ishtirok etish uchun arizalarni 20-mart soat 17:00 gacha havola orqali jo‘natish mumkin.

Batafsil ma’lumot bu yerda.


Avvalroq, “IT Park” startaplarni moliyalashtirishga yordam berish maqsadida arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi.