O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan Qoraqalpog‘istonning Bo‘zatov tumanida “Bo‘zatov” sanatoriysi qurilishi boshlanmoqda. Bu haqda Jo‘qorg‘i Kenges matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, mazkur loyihaga kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan 123 mlrd so‘m yo‘naltirilib, loyiha uchun 7,2 gektar yer maydoni ajratilgan.

Loyiha natijasida 120 o‘ringa mo‘ljallangan ish o‘rinlari yaratilishi belgilangan.

Sanatoriy olti qavatdan iborat bo‘lib, 2-qavatidan 6-qavatigacha bo‘lgan qismida yotoq xonalari joylashadi.

Shuningdek, o‘tov ko‘rinishidagi kottejlar, kutubxona, madaniyat maskani, trenajyor xonalari, oshxona binolari, xodimlar uchun binolar barpo etiladi.

200 ta o‘ringa mo‘ljallangan sanatoriyning qurilish ishlarini 2024-yilning 2-choragida yakunlash rejalashtirilgan.

Sanatoriy ovqat hazm qilish a’zolari kasalliklari, urologik va ginekologik, nevrologik, endokrinologik, shu jumladan, qandli diabetga chalingan bemorlarni sog‘lomlashtirish yo‘nalishida ish olib boradi.