Hindistonning “Aakash Healthcare” kompaniyasi Toshkentda tibbiyot shaharchasi barpo etishga tayyorgarlik ko‘rmoqda, deya xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Kompaniyaning boshqaruvchi direktori doktor Aashish Chaudri “Livemint.com” yangiliklar portaliga mazkur tibbiyot tarmog‘ining yaqin kelajakdagi rejalari haqida so‘zlab berdi.

Qayd etilishicha, yangi loyihaga $100 mln sarmoya jalb etilishi, 3 mingga yaqin ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.

“Biz O‘zbekiston vakillari bilan anglashuv memorandumini imzoladik. Zamonaviy infratuzilma, tibbiy asbob-uskunalar, malakali shifokor va tibbiyot xodimlariga ega shifoxona qurish uchun bizga 10 gektar yer ajratiladi”, — degan Aashish Chaudri.

Hindistonlik shifokorlar yangi “Aakash Health Medicity” shaharchasida, shuningdek, tibbiyot kollejlari, xususan, hamshiralar tayyorlaydigan o‘quv muassasini joylashtirishni rejalashtirmoqda.

Avvalroq “Spot” Hindistonning “Aakash Healthcare” kompaniyasi Toshkentdagi “Asia Med Center” xususiy klinikasini $4 mln.ga sotib olgani haqida yozgandi.

2022-yil 23-noyabr kuni mazkur klinikaning Toshkentdagi filiali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tibbiyot muassasasi 50 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, keng ko‘lamli tibbiy xizmatlarni taklif etadi.

Asosiy profili ortopediya, ona va bola salomatligi, shuningdek, Hindistondagi o‘zbeklar orasida talab katta bo‘lgan jigar va buyrak sohalari bo‘ladi.

Shuningdek, unda endokrinologiya, nevrologiya, fizioterapiya, kardiologiya, urologiya, umumiy jarrohlik, neyroxirurgiya, stomatologiya va boshqa qator bo‘linmalar faoliyat yuritadi.