Yaponiyaning xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) granti hisobidan Surxondaryo viloyatida yerlar sho‘rlanishining oldini olish, sho‘r yerlarni o‘zlashtirish bo‘yicha loyihalar amalga oshiriladi.

Bu bo‘yicha Surxondaryo viloyat hokimligi hamda Yaponiyaning “Japan Conservation Engineers” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuvda dastlabki kelishuvga erishilgan.

“Nippon Investment Operating Corporation” (NIOC) kompaniyasi bilan Surxondaryo viloyatida talk xom ashyosini qayta ishlab, mahsulotni Yaponiyaga eksport qilish uchun qiymati $2 mln.lik investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuv imzolandi.

O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasida viloyat hokimligi hamda yapon tadbirkorlari ishtirokida o‘tkazilgan biznes-seminarda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish, turizm xizmatlarini ko‘rsatish, meva-sabzavot mahsulotlari eksportiga qiziqish bildirgan korxonalar mutasaddilari bilan muzokaralar o‘tkazilib, $12 mln.lik shartnoma imzolandi.

“Alpha Gakuin” instituti va Surxondaryo viloyati hokimligi o‘rtasida Termiz shahrida O‘zbekiston-Yaponiya texnologik universitetini tashkil etish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi.

Loyiha doirasida iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi, qurilish, tibbiyot va hamshiralik, mehmonxona menejmenti, avtomobilsozlik, yapon tilini o‘rgatish kabi yo‘nalishlarda ta’lim berish rejalashtirilgan.

Surxondaryo viloyati va Xokkaydo prefekturasi o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, qishloq xo‘jaligi, madaniyat, mehnat resurslari sohalarida hamkorlik qilish, qo‘shma tadbirlar va hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.

Avvalroq Yaponiya kompaniyasi O‘zbekistonda telekommunikatsiya tarmoqlarini kengaytirishga qiziqish bildirayotgani haqida xabar berilgandi.

O‘tgan yili Farg‘ona va Yaponiya o‘rtasida qariyb 82 mlnlik 5 ta investitsiya shartnomasi imzolangandi.