Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan, 1-apreldan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning quyidagi tartibi belgilanadi:

Tijorat banklari kreditlarining garov ta’minoti 50%gacha, biroq 2,5 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorda Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi kafilligi asosida ta’minlanadi;

tijorat banklarining milliy valyutada ajratiladigan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmagan kreditlari bo‘yicha foiz stavkasining asosiy stavkadan oshgan, biroq asosiy stavkaning 30%idan ko‘p bo‘lmagan qismini qoplash uchun Jamg‘arma hisobidan kompensatsiya taqdim etiladi.

2024-yilning 1-martigacha Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida barcha suv kirish nuqtalari boshqaruvini raqamlashtirish va suvni foydalanuvchilarga yetkazib berish bo‘yicha tajriba-sinov loyihasi amalga oshiriladi.

Shuningdek, “Suv hisobi” axborot tizimi yaratiladi.

Tizim suv yetkazib beruvchi tashkilotlar va suv iste’molchilari o‘rtasida rasmiylashtirilgan dalolatnomalarni har oy yakuni bilan elektron shaklda to‘ldirish hamda ERI orqali tasdiqlash imkonini beradi.

2025-yildan mamlakatning barcha hududlarida “Suv hisobi” axborot tizimi joriy qilinadi.

Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orishda ishlatilgan suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqlarni hisoblashda “Suv hisobi” AT orqali taqdim etilgan ma’lumotlar asosida soliq organlari tomonidan soliq hisobotlarini avtomatik shakllantirib berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Joriy yilning avgustigacha 2022-yilda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilgan hamda subsidiya mablag‘larining 50%ini olgan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilariga tizimlarning ishlatilishiga qarab belgilangan subsidiya miqdorining qolgan 50%i tuman ishchi guruhi xulosasi asosida ajratiladi.

1-maygacha suv resurslaridan samarasiz foydalanish va suv xo‘jaligining gidrotexnik inshootlaridan noqonuniy foydalanish yuzasidan javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha taklif ishlab chiqiladi.

Avvalroq, ayrim qishloq xo‘jaligi texnikalari bojxona to‘lovlari va utilizatsiya yig‘imidan ozod qilinishi haqida xabar berilgandi.